📚 So‘x tumanida EduGames.uz startap loyihasi qo‘llab-quvvatlanmoqda
2026-06-15 17:25:00 / Yangiliklar

So‘x tumani hokimining maslahatchisi Buzurgmehr Sultonaliyev tomonidan Farg‘ona davlat texnika universiteti talabasi Qobiljon Boltaboyev hamda uning akasi Norinboy Boltaboyev bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida yoshlar tashabbusi asosida yaratilgan EduGames.uz ta’lim platformasining bugungi faoliyati, uning kelgusidagi rivojlanish istiqbollari, loyihani qo‘llab-quvvatlash va o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Muloqot jarayonida ta’lim sohasida raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, yoshlarning innovatsion g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish hamda startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, loyihani yanada takomillashtirish va uning imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan amaliy takliflar bildirildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar EduGames.uz platformasini yanada rivojlantirish, uni keng auditoriyaga yetkazish hamda doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
ℹ️ Ma’lumot uchun: Farg‘ona davlat texnika universitetining 4-bosqich talabasi Qobiljon Boltaboyev tomonidan yaratilgan EduGames.uz platformasi qisqa vaqt ichida keng ommalashib, bugungi kunda nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning 226 ta mamlakat va hududlarida ham foydalanuvchilarga ega bo‘lib ulgurdi.
Bu kabi innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, zamonaviy texnologiyalar asosida yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish hamda mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi.
📍 So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati




