📌 So‘x tumanida “Ayollar daftari”ning 7-bosqichi bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi
2026-06-12 11:40:00 / Yangiliklar

So‘x tumanida xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini tizimli hal etish hamda “Ayollar daftari”ning 7-bosqichini samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda tuman hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Ilhomjon Tojiboyev, tuman prokurori Sadirali Mirzokarimov, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat Kengashidan R. Rahimov, davlat va jamoat tashkilotlari mas’ullari, mahalla raislari, hokim yordamchilari hamda xotin-qizlar faollari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 12 maydagi 239-sonli qarori asosida tasdiqlangan yangi tartiblar mazmun-mohiyati tushuntirilib, “Ayollar daftari”ning 7-bosqichini sifatli shakllantirish, ehtiyojmand xotin-qizlarni aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, mutasaddilarga xotin-qizlarni bandlikka jalb qilish, tadbirkorlikka yo‘naltirish, kasb-hunarga o‘qitish hamda ularning ijtimoiy muammolarini hal etish yuzasidan zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Seminar yakunida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning turmush farovonligini oshirish borasidagi vazifalar yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati









