📝 Qurilish sohasidagi muammolar va kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi
2026-06-03 18:55:00 / Yangiliklar

So‘x tumani hokimligida tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev rahbarligida qurilish kompleksi mutasaddilari va soha mas’ullari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Tanqidiy ruhda tashkil etilgan yig‘ilishda qurilish sohasida mavjud muammolar va kamchiliklar atroflicha tahlil qilinib, ularning kelib chiqish sabablari muhokama etildi.
Yig‘ilishda, ayniqsa, mas’ullarga bir necha bor ogohlantirishlar berilgani va tegishli topshiriqlar yuklatilganiga qaramasdan, ayrim mas’ullarning mas’uliyatsizligi oqibatida tuman hududida noqonuniy qurilish holatlari ortib borayotgani qattiq tanqid qilindi. Qayd etilganidek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun ajratilgan ayrim yer maydonlari ham noqonuniy qurilishlar hududiga aylanib bormoqda.
Tuman hokimi soha mutasaddilarining o‘z vazifalariga befarq munosabatda bo‘layotgani, xizmat vazifalari doirasidagi majburiyatlarni to‘liq bajarmayotganini keskin tanqid qildi. Xususan, Rovon, Tul va Sharqobod mahallalarida noqonuniy qurilish holatlari ko‘payib borayotgani alohida ta’kidlanib, bu holatlar uchun mas’ul shaxslarning javobgarligi masalasi ko‘tarildi.
Shuningdek, tumanda amalga oshirilayotgan ayrim loyihalar tegishli mutaxassislar va mas’ul tashkilotlar ishtirokisiz, belgilangan tartib va talablarga rioya etilmagan holda amalga oshirilayotgani ham tanqid qilindi.
Yig‘ilish yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, noqonuniy qurilishlarning oldini olish hamda sohada qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha tegishli idoralar rahbarlari va mas’ullarga qat’iy ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati








