Cho‘milish mavsumi davrida xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda
2026-06-03 08:20:00 / Yangiliklar

So‘x tumani hokimi – fuqaro muhofazasi boshlig‘ining 2026 yil 22 maydagi 7-sonli “So‘x tumanida 2026 yilgi cho‘milish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida tumanimizda keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda.
Mazkur chora-tadbirlar aholi, ayniqsa yoshlar va bolalarning hayoti hamda sog‘lig‘ini muhofaza qilish, suv havzalarida baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Buyruqqa muvofiq, So‘x tumani hokimligi, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi, Ichki ishlar bo‘limi, IIB qo‘riqlash bo‘limi, “Suv yetkazib berish xizmati” DM So‘x tumani bo‘limi, Mahallalar uyushmasi tuman bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi, ommaviy axborot vositalari hamda Axborot xizmati mas’ullariga tegishli vazifa va topshiriqlar berilgan.
Amalga oshirilayotgan ishlar doirasida So‘x tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan tumandagi cho‘milish mumkin bo‘lgan suv havzalari hamda qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun barpo etilgan sug‘orish membranalari atrofida profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Tadbirlar davomida fuqarolarga suv havzalarida xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish, nazoratsiz joylarda cho‘milmaslik, voyaga yetmaganlarni kattalar nazoratisiz suv bo‘yiga yubormaslik bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi. Shuningdek, xavfli hududlarda ogohlantiruvchi belgilarning holati ko‘zdan kechirildi.
Aziz yurtdoshlar!
Yozgi mavsumda o‘zingiz va yaqinlaringiz xavfsizligini ta’minlash maqsadida suv havzalarida belgilangan qoidalarga amal qilishingizni so‘raymiz. Ehtiyotkorlik – hayot garovidir.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati









