RASMIY MUNOSABAT
2026-05-18 08:50:00 / Yangiliklar

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Rishton–So‘x yo‘nalishidagi chegara-nazorat o‘tkazish hududida, Qirg‘iziston Respublikasining “Qaypas” chegara o‘tkazish punktida sodir bo‘lgan holat aks etgan videolavhalar tarqalib, turli talqin va muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur holat to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, ayni paytda tegishli idoralar bilan hamkorlikda har tomonlama o‘rganilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston Respublikasi chegara xizmati xodimlari hamda So‘x tumanida yashovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi o‘rtasida tushunmovchilik kelib chiqqan.
Tezkor ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida fuqaro O‘zbekiston hududiga olib kelindi. Shuningdek, ikki tomon mas’ullari va fuqaro ishtirokida muloqot o‘tkazilib, vaziyat tinch yo‘l bilan bartaraf etildi. Tomonlar yuzaga kelgan tushunmovchilik uchun o‘zaro uzr so‘radilar.
Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda ushbu holat yuzasidan tasdiqlanmagan, bir yoqlama va hissiyotga berilgan xabarlar tarqatilayotgani kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan barcha fuqarolardan tekshirilmagan ma’lumotlarga ishonmaslikni, vaziyatga xolis va vazmin yondashishni so‘raymiz.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining huquq va qonuniy manfaatlari davlat tomonidan ishonchli himoya qilinadi. Bu kabi holatlar vakolatli idoralar tomonidan doimiy nazoratda bo‘ladi.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati
