SO‘XDA ENERGIYA MUSTAQILLIGI SARI MUHIM QADAM
2026-04-30 08:10:00 / Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Unda hududlarda energiya ta’minotini mustahkamlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, Farg‘ona viloyatining chekka hududi bo‘lgan So‘x tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yirik loyihalardan biri — So‘x gidroelektr stansiyasidir.
Quvvati 15 megavatt bo‘lgan ushbu stansiya yiliga 50 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Eng muhimi, mazkur loyiha So‘x tumanidagi elektr energiyasi ehtiyojining 71 foizini barqaror ta’minlash imkonini beradi.
Bu nafaqat aholi uchun uzluksiz elektr ta’minoti, balki tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va hudud iqtisodiyotini yanada jonlantirishga xizmat qiladi.
Mazkur tashabbus mamlakatimizda gidroenergetika salohiyatidan to‘liq foydalanish, har bir daryo va soy imkoniyatlarini ishga solish orqali energiya mustaqilligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Davlatimiz rahbari barcha loyihalarni, jumladan So‘x tumanidagi GES qurilishini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati



