Korrupsiya – jamiyat taraqqiyoti kushandasi
2026-04-29 08:50:00 / Yangiliklar

Korrupsiya bu – mansab mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat turi hisoblanadi. Korrupsiya faoliyati xufyona iqtisodiyotning asosiy turlaridan biridir. Aksariyat hollarda korrupsiya deganda, davlat xizmatchilari tomonidan shaxsiy manfaatlarni ko‘zlab boylik orttirish maqsadida xalqdan pora olish, qonunga xilof ravishda pul daromadlarini qo‘lga kiritish tushuniladi.
Yuridik terminlarga ko‘ra, “korrupsiya – mansabdor shaxslar tomonidan ularga berilgan huquqlar va hokimiyat imkoniyatlaridan shaxsiy boylik orttirish uchun foydalanishda ifodalanadigan siyosat yoki davlat boshqaruvi sohasidagi jinoiy faoliyatdir”.
Demokratik qadriyatlar qaror topib borayotgan bir vaqtda davlat xizmatchilari tomonidan poraxo‘rlik, mansab mavqeini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etilishi hokimiyatning obro‘sizlanishiga, davlatning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy tizimiga putur yetishiga sabab bo‘ladi. Korrupsiyaning ma’lum bir mamlakatda rivojlanishi esa o‘sha davlatning tanazzuliga olib keladi.
Korrupsiyaning oldini olishda davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan kuchli jamoatchilik nazoratini amalga oshirish fuqarolik jamiyatini barpo etishning eng muhim shartlaridan hisoblanadi. Zotan, fuqarolarning faolligi, ijtimoiy hodisalarga befarq bo‘lmasligi hamda har bir davlat xizmatchisining o‘z faoliyatini jamoatchilik nazorati ostida ekanligini chuqur his etib borishi fuqarolik jamiyatini mustahkamlashning muhim sharti hisoblanadi. Bu esa, jamoatchilik nazoratining jamiyatda ijtimoiy adolatning qaror topishi, shaxs, jamiyat va davlat aloqalarida muvozanat, tenglik, o‘zaro mas’uliyat va javobgarlikka xizmat qiluvchi asosiy omil ekanidan dalolat beradi.
Bugungi kunda respublikamizda korrupsiyaning oldini olish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, jinoyatchilikning sabablarini aniqlash choralari ko‘rilmoqda, fosh etilgan korrupsiyaviy holatlar bo‘yicha aybdorlarga qonuniy jazolar tayinlanmoqda.
Jinoyatni jazolashdan ko‘ra, uning oldini olish singari profilaktik tadbirlarning yo‘lga qo‘yilishi qay darajada oqilonaligi allaqachon isbotlangan. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2-moddasida jinoyatlarning oldini olish jinoyat qonunining asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilab qo‘yilgan.
Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurash maqsadlariga faqatgina jinoyat-huquqiy vositalar bilan erishib bo‘lmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. O‘ylaymizki, bunday ma’naviy buzilish holatiga qarshi kurashda nafaqat davlat organlari, balki jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz mas’uldirlar. Shunday ekan, davlat va jamiyat, shu bilan birga nodavlat notijorat tashkilotlari bunday illatni oldini olish va unga qarshi kurashda birgalikdagi harakatigina samarali natijalarga erishishning eng maqbul yo‘li bo‘lib hisoblanadi.
T. Vaxobov – Jinoyat ishlari bo‘yicha So‘x tuman sudining raisi
