So‘xda 15 MVt quvvatga teng “milliy GES” loyihasi amalga oshiriladi
2026-04-25 17:30:00 / Yangiliklar

So‘x tumani o‘zining betakror va xushmanzara tabiati, boy milliy urf-odat va an’analari, yuksak qadriyatlari hamda mahalliy aholiga xos mehmondo‘stligi bilan ajralib turadigan hududlardan biri hisoblanadi. Tuman Farg‘ona viloyatining janubida, So‘x daryosi vodiysida joylashgan bo‘lib, to‘laligicha qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasining Botken viloyati bilan o‘ralgan eksklav hududdir. Bugungi kunda So‘x tumanidagi 25 ta mahallada 88,6 ming aholi istiqomat qiladi.
Xabaringiz bor, 2026-yil mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan edi. Unda So‘xning betakror tabiati, musaffo havosi, daryolari va salqin iqlimi hududni iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biriga aylantirish imkonini berishi alohida ta’kidlandi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan hududlarning gidroenergetika salohiyatini o‘rganishga qaratilgan izchil ishlar davom ettirilmoqda.
Bu borada, jamiyat Boshqaruvi raisi Islom Abduraxmonov boshchiligidagi mutaxassislar guruhi So‘x tumanida bo‘lib, hududning gidroenergetik salohiyatini kompleks ravishda o‘rgandi. Amaliy tashrif davomida hududning tabiiy-relef sharoiti, suv oqimlari, gidrologik xususiyatlari va mavjud infratuzilma imkoniyatlari atroflicha o‘rganildi. O‘rnatilgan tartibda topografik ishlar amalga oshirildi. Mutaxassislar tomonidan hududda gidroelektr stansiya qurish imkoniyatlari va kelgusi istiqbolli loyihalar uchun zarur shart-sharoitlar kompleks tahlil qilindi.
Tuman hokimligi rahbariyati, mas’ullar hamda mahalla oqsoqollari va faollari ishtirokida loyiha doirasida amaliy ishlarni boshlashga — xayrli ish rivojiga duo-i fotiha qilindi.
Asosiy maqsad — har bir tomchi suvdan samarali foydalanish, elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini ko‘paytirish orqali aholi manfaatlariga xizmat qilishdir.
Jamiyat tizimidagi “Gidroproyekt” AJ mutaxassislari tomonidan So‘x tumanida “milliy loyiha” doirasida 15 MVt quvvatga ega So‘x gidroelektr stansiyasini qurish investitsiya loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha to‘liq jamiyat mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Mazkur “milliy GES” loyihasi doirasida tizimdagi “UzHydroPower” zavodida mahalliylashtirish asosida ishlab chiqarilayotgan gidroagregatlar, asbob-uskunalar va ehtiyot qismlar yetkazib beriladi. Loyihani 2026–2028-yillar davomida qurib, foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Ushbu istiqbolli loyiha qurilishi jarayonida kamida 800 nafar ishchi jalb qilinadi. Bu esa 800 ta oilaning daromad manbai yaratilishiga xizmat qiladi. GES foydalanishga topshirilgach, yana 17 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi.
So‘x GES ishga tushirilgach, yiliga o‘rtacha 48 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu esa tumanning yillik 70 mln kVt·soat elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining qariyb 70 foizini qoplash imkonini beradi. Natijada 20 mingdan ortiq xonadon, shuningdek, hududning ijtimoiy va iqtisodiy infratuzilmasi barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, loyiha amalga oshirilishi natijasida yiliga qariyb 14 mln m³ tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Hududning yalpi ichki mahsulotini oshirish, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga sezilarli turtki beradi. Bundan tashqari, suv to‘sish inshooti hamda yangi kanal qurilishi natijasida 1300 gektar sug‘orish maydonlari kafolatli suv bilan ta’minlanadi.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati






