📌 So‘x tumanida issiqxona xo‘jaligi yo‘nalishi diversifikatsiya qilinmoqda
2026-02-28 14:40:00 / Yangiliklar
Tumanda issiqxonalar faoliyatini rivojlantirish maqsadida Navobod mahallasida issiqxonalar majmuasi barpo etilgan bo‘lib, dastlab tadbirkorlar tomonidan limon yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan edi.
Biroq limonchilik So‘x tumani iqlimiga to‘liq mos kelmagani sababli, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov tashrifidan so‘ng eronlik mutaxassislar ishtirokida issiqxonalarda golubika, malina va jejevika yetishtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Loyihani amalga oshirish “Uzagrostar xolding” kompaniyasi zimmasiga yuklatildi.
Mazkur majmuada So‘x tumani hokimi Sayidbahrom Sayidmusaev hamda “So‘x Munavvarjon” MChJ rahbari, yosh tadbirkor Umidjon Sanginov tashabbusi bilan golubika, malina va jejevika yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Ziroatlar Belarus va Polsha davlatlaridan olib kelinib, mutaxassislar hamkorligida ekildi.
Bugun tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusaev mutasaddi idoralar rahbarlari bilan birgalikda mazkur issiqxonada bo‘lib, ziroatlarning parvarishini ko‘zdan kechirdi. Qayd etilganidek, tajriba maydonida ekilgan ekinlar barqaror rivojlanmoqda va mutaxassislar tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Mazkur yo‘nalish yuqori samara bergan taqdirda, tajribani butun tuman hududida keng joriy etish rejalashtirilmoqda.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati






