So‘x tumanida ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi
2026-02-28 13:30:00 / Yangiliklar
Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik G‘anijon Alaviddinov ishtirokida So‘x tumani madaniyat markazida ommaviy sayyor qabul tashkil etildi.
Unda tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusaev, tuman prokurori Sadirali Mirzokarimov, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Qosimjon Rahimberdiev hamda mutasaddi tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.
Sayyor qabul davomida fuqarolar, ayniqsa yoshlar tomonidan murojaatlar qabul qilindi. Murojaatlarning asosiy qismi vazirlik tizimida ishga joylashish masalalariga oid bo‘lib, murojaatchilarning bandlik imkoniyatlarini kengaytirish, kasbiy malakasini to‘g‘ri yo‘naltirish hamda ishga qabul qilish jarayonlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining favqulodda vaziyatlar xavfsizligi, yong‘in profilaktikasi, qurilish obyektlarining normativ talablarga muvofiqligi, isitish tizimlarining xavfsiz holati, maishiy gazdan foydalanish hamda yong‘inga qarshi avtomatika vositalarining sozligiga oid murojaatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Har bir murojaat yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi, joyida hal etish mumkin bo‘lgan masalalar zudlik bilan bartaraf etildi, qolganlari nazoratga olindi.
Qayd etilganidek, bunday sayyor qabullar aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlash va muammolarni joyida hal etishga xizmat qiladi.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati










