Qayroq massivida zamonaviy dam olish maskani tashkil etiladi
2026-01-15 14:30:00 / Yangiliklar
So‘x tumanining Qayroq massivida umumiy 425 gektar yer maydonida zamonaviy dam olish va turistik infratuzilmani shakllantirishga qaratilgan yirik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha doirasida intensiv bog‘lar, Damashq atirgul plantatsiyalari, mehmonxonalar hamda yog‘och uylar barpo etilishi rejalashtirilgan.
Loyiha Demursad mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan bo‘lib, uni amalga oshirish uchun byudjetdan 1,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, 242,2 milliard so‘m miqdorida investitsiya o‘zlashtirilib, natijada qo‘shimcha 1,2 milliard so‘m soliq tushumi ta’minlanishi kutilmoqda.
Loyiha doirasida infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha qator ishlar amalga oshiriladi.
Jumladan, 1 dona transformator, 100 dona beton tayanch ustun, 2,0 kilometr SIP kabeli, 100 dona ko‘cha chirog‘i o‘rnatiladi, 4,0 kilometr avtomobil yo‘li asfaltlanadi va 3,0 kilometr piyodalar yo‘lagi quriladi.
Loyiha natijasida 22 ta tadbirkorlik subyekti faoliyati yo‘lga qo‘yilib, sohada 90 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Qurilish ishlarini 2026 yilda to‘liq yakunlash rejalashtirilgan.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati

