XUSHXABAR. Paxta-2025: Sho‘rchi tumanida paxta rejasi ortig‘i bilan bajarildi
2025-10-07 09:35:00 / Yangiliklar

Sho‘rchilik paxtakorlar 2025-yilgi paxta topshirish bo‘yicha shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajarib, kuch-g‘ayrat va shijoat, mirishkorlik va mehnatsevarlik fazilatlarini namoyon etishdi.
2025-yil rejasiga ko‘ra, sho‘rchilik paxtakorlar davlatga 25 300 tonna paxta xom ashyosini topshirishi belgilangan bo‘lib, hududagi fermer xo‘jaliklari dalalaridagi “Oq oltin” tolalari o‘z vaqtida terilganligi natijasida 25 366 tonnalik xirmon ko‘tardi.
Bu Sho‘rchiliklar uchun katta g‘alaba, albatta. Chunki, bu yilgi isiq va quruq ob-havo sharoiti dehqon fermerler uchun paxta hosilini yetishtirish, parvarishlash va yig‘ib olishda birmuncha qiyinchiliklar tug‘dirgani sir emas.
Tumanimiz fermerlarining bu ulkan zafari zamirida Muhtaram Prezidentimizning hududlarda qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilishga katta e’tibor qaratilayotgani, dehqonlarimizning fidokorona mehnati, ko‘p yillik tajribasi, paxta yig‘im-terimini uyushqoqlik bilan tashkil etish borasida amalga oshirilgan ishlar muhim omil bo‘lib xizmat qildi.
Paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlari uyushqoqlik bilan jadal sur’atlarda olib borildi. Bunda nafaqat fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari ishchi-xizmatchilari, xasharchilar, ixtiyoriy ravishda qo‘shimcha daromad topish maqsadidagi ish bilan band bo‘lmagan mehnatga layoqatli aholi ham faol ishtirok etishdi.
G‘alaba muborak bo‘lsin, aziz tumandoshlar !
