“Oqila ayollar” harakati jamiyatni ma’naviyatga yetaklaydi
2025-06-25 17:05:00 / Yangiliklar

Sho‘rchi tumanida “Oqila ayollar” harakati jamiyatni ma’naviyatga yetaklaydi” mavzusida forum o‘tkazildi.
“Oqila ayollar” harakati a’zolari, faol ayollar ishtirok etgan tadbirda tuman hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Zulfiya Sherova Prezidentimizning "Oqila ayollar" harakati a’zolarining asosiy vazifa va maqsadlariga yo‘naltirilgan Murojaatnomasini o‘qib eshittirdi. Hamda harakatning jamiyatdagi tutgan o‘rni, ijtimoiy muammolarni bartaraf etishdagi samarali yondashuvi haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Albatta, jamiyatning asosiy tayanchi bu – oila. Oilada ma’naviy muhitni yaxshilash, farzandlar tarbiyasidagi mas’uliyat, milliy qadriyatlarni singdirish va qator tashabbuslarda faol, shijoatli va tashabbuskor ayollarning o‘rni bor.
“Oqila ayollar” harakati tashkil etish asnosida Prezidentimiz ushbu harakat haqida to‘xtalar ekan: “Oqila ayollar” harakati tom ma’noda «mahallaning vijdoni»ga aylanishi kerak. Chunki, ma’rifatli jamiyatni ma’rifatli onalarsiz qurib bo‘lmaydi. Biz Uchinchi Renessans poydevorini qurish, jamiyatda yangi ma’naviy makon yaratish haqida gapirar ekanmiz, bu ishlarni oila, onalar ma’naviyati bilan uzviy amalga oshirishimiz zarur. Bugun biz Vatanning shon-shuhratini yuksaltiradigan tarixiy davrga qadam qo‘ygan ekanmiz, Sizlar farzandingizning qalbiga ulug‘ maqsadlarni, ezgu g‘oyalarni singdiring, buyuk orzularni joylashga intiling. Maqsadimiz – har bir oila, xonadon va mahalla mana shu ulug‘ harakatning markaziga aylansin, deb ta’kidlagan edilar.
-“Oqila ayollar” harakati a’zolari jamiyatda yangi ma’naviy makon yaratish, ezgu g‘oyalar, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, muqaddas an’analarni singdirishga qaratilgan tizimli targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish, mahallalarda oilalarni mustahkamlashda faol bo‘lishlari zarur, - deydi Sho‘rchi tumani "Oqila ayollar" harakati rahbari Xoldona O‘rayeva. -Farzand tarbiyasida ota-onaning mas’uliyati, ibratli ota-ona bo‘lishning ahamiyati, ma’rifatli jamiyatni qurishda ma’rifatli onalarning rolini keng targ‘ib qilish, ayollar, ayniqsa, yosh qizlarda oilaga va Vatanga sadoqat, fidoyilik, tashabbuskorlik tuyg‘ularini singdirish, “odobli qiz” va “ma’rifatli ona” qiyofasini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish kabi yumushlarda “Oqila ayollar” harakati a’zolarning o‘rni juda katta. Zero, farzand, ayniqsa, qizlar tarbiyasi, oila, onalar ma’naviyatini yuksaltirish, oilalarda kitobxonlik, mutolaa madaniyatini targ‘ib etish, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni shakllantirish, oilaning tarbiyaviy-ta’lim salohiyatini mustahkamlashga ko‘maklashish har birimiz ahamiyatlidir.
Sho‘rchi tumanida “Oqila ayollar” harakati jamiyatni ma’naviyatga yetaklaydi” mavzusida o‘tkazilgan forum davomida talabchan, harakatchan va faol bo‘lgan bir guruh “Oqila ayollar” harakati a’zolari tashakkurnoma bilan taqdirlanishdi.








