Inson qalbiga yo‘l — mehr va e’tibor orqali
2025-06-19 10:15:00 / Mahallada nima gap

Inson hayotida og‘ir va yengil kunlar bo‘ladi. Ba’zida birgina mehribon nazar, bir og‘iz tasalli so‘z va aniq yordam inson taqdirini butunlay o‘zgartiradi. Sho‘rchi tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi ijtimoiy xodimi Abdurayimov Akmal Baxodirovich tomonidan amalga oshirilgan ezgu ishlar haqida hikoya qilmoqchimiz — bu haqiqiy fidoiylik va insoniylik namunasidir.
Yordam qo‘lini uzatish — hayotni saqlab qolish demakdir
“Tamaddun” mahallasining faqat nomigagina emas, amalda ham tamaddunga yo‘l ochgan bu insonlar o‘rtasida Nasiba Qoraqulova nomi tilga tushgan. U og‘ir kasallik — bachadon miomasi tashxisi bilan yotgan paytda, jismoniy og‘riqdan ko‘ra, ma’naviy og‘riq — yordamsizlik va muruvvasizlikdan aziyat chekardi. Ammo... mahallasidagi ijtimoiy xodim uning haqiqiy qutqaruvchisiga aylandi.
Akmal Abdurayimov homiylarni jalb etib, shifokorlar bilan hamkorlikda uning operatsiyasini tashkil qildi. Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Bugun Nasiba ona farzandlar bag‘rida, yana hayotga ishongan holda yashamoqda. Bu bilan cheklanilmadi — bolasiga nafaqa tayinlandi, to‘garaklarga jalb etildi, pasporti uchun to‘lov ham ta’minlandi.
Bir oyna — bir oila uchun nur!
Mahallada yana bir inson — Oyxol To‘rayeva. Uning turmush sharoiti og‘ir, daromadi yetarli emas, uyi eski, deraza va eshiklar yopilmas edi. Xomiylar jalb qilinib, uyiga yangi akfa derazalar va eshik o‘rnatildi. Qishki mavsum oldidan elektr energiyasi uchun bir martalik yordam berildi. U kam ta’minlangan oilalar reyestriga kiritilib, to‘liq ijtimoiy muhofazaga olindi.
Bu, ko‘z bilan ko‘rib, qalb bilan his etiladigan yordamdir. So‘z bilan ifoda etish qiyin — ammo bir oilaning yuzlarida paydo bo‘lgan tabassum, bu xayrli ishlarning haqiqiy mezonidir.
Bemorlikdan umid sari
Barnoxon Ergashova ham og‘ir xastalikka duch kelgan edi. Qo‘lidan yetarli mablag‘ kelmasdi. Uning davolanishi uchun Sahovat va ko‘mak jamg‘armasidan 6 million so‘m mablag‘ ajratildi. Bu mablag‘ uning na faqat jismoniy, balki ma’naviy sog‘ayishi uchun zamin yaratdi. Endi u ham hayotga qaytdi. Farzandlari bag‘rida, minnatdor yurak bilan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash nima ekanini angladi.
Ijtimoiy xizmatchi — insonlarning suyanchig‘i
Akmal Abdurayimov kabi ijtimoiy xodimlar nafaqat ishchi, balki qalblarni davolovchi, insonlar hayotiga umid bag‘ishlovchi shaxslardir. Ular birgina xizmatni emas, balki muhabbatni, mehrni, e’tiborni yetkazadilar. Ularning faoliyati — bu faqat ish jadvalidagi vazifa emas, balki har bir inson qalbidagi muammoga qalb bilan yechim topishdir.







