Hamkorlik ko‘lami kengaymoqda
2025-05-22 12:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 19–22 may kunlari Vengriya va Sloveniyaga amalga oshirayotgan rasmiy tashriflari O‘zbekistonning dunyo sahnasidagi navbatdagi zafarli qadami bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi, albatta.
Shavkat Mirziyoyev va Viktor Orbanning «Karmelita» saroyida bo‘lib o‘tgan muzokaralarida O‘zbekiston-Vengriya strategik sherikligi hamda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Eng avvalo tovar ayirboshlash hajmini, jumladan, import o‘rnini bosish imkoniyatlari va GSP+ maqomi hisobiga 500 million yevroga yetkazish muhimligi qayd etildi. Shu maqsadda laboratoriyalar Yevropa Ittifoqi talablariga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tkaziladi, tovarlarni oldindan sertifikatlash dasturi va eksport qiluvchi kompaniyalarga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shma platforma ishga tushiriladi.
Shavkat Mirziyoyev va Viktor Orban dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashishdi. Terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, odam savdosi va boshqa zamonaviy xavfsizlik muammolariga qarshi kurashishda hamkorlikni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi. Tomonlar iyul oyida Budapeshtda bo‘lib o‘tadigan hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida Investisiyaviy hamkorlik dasturini qabul qilishga kelishib olishdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi kengaytirilgan strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlariga yo‘l ochib, munosabatlarimizni yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Endilikda asosiy masala mavjud imkoniyatlarni amaliy loyihalarga aylantirishga qaratiladi. Budapeshtning tashqi siyosati “Sharqqa yaqinlik” strategiyasi bilan ajralib turadi. Vengriya 2018 yilda Turkiy davlatlar tashkilotida kuzatuvchi maqomini olgan ilk Yevropa davlati bo‘ldi. 2019 yilda Budapeshtda tashkilotning Yevropa vakolatxonasi ochildi. O‘zbekiston esa turkiy davlatlar o‘rtasida integratsiya jarayonlarining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri sifatida Vengriya bilan yaqin hamkorlik qilmoqda.
Darvoqe, O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yilda o‘rnatilgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda bu aloqalar yangicha sur’at oldi. Ayniqsa, 2021 va 2022 yillarda o‘zaro rasmiy tashriflar, Budapesht va Toshkentda o‘tkazilgan Biznes forumlar, Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyalar – barchasi ikki mamlakat o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratdi. 2024 yildagi ikki tomonlama savdo aylanmasi 78,1 mln dollarni tashkil qilgani ham har ikkala davlat uchun manfaatli bo‘ldi. Farmasevtika, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va ta’lim sohalaridagi investisiyaviy loyihalar ikki mamlakat munosabatlarining ko‘lamini kengaytirmoqda. Angren erkin iqtisodiy hududida venger kompaniyalari uchun ajratilgan maxsus sanoat hududi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Yangi loyihalarni amalga oshirish, jumladan, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yo‘llar va logistika markazlarini qurish, kommunal tarmoqlarni rivojlantirish, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, kimyo mahsulotlari, farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, raqamli texnologiyalar, akvakultura kabi sohalarda kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston — Vengriya o‘rtasidagi munosabatlar bugun tarixiy ildizlar, geosiyosiy manfaatlar va yangi global muhitdagi pragmatik yondashuv asosida shakllanmoqda. Bu ikki mamlakat o‘tmishi, madaniyati va maqsadlari bilan farq qilsa-da, ularni umumiy strategik manfaatlar birlashtirmoqda.
Sharq va Gʻarbni bog‘lovchi ko‘prik singari, O‘zbekiston — Vengriya hamkorligi nafaqat ikki xalq manfaati, balki keng mintaqaviy barqarorlik uchun xizmat qilyapti.
O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi aloqalar tamomila yangi bosqichga chiqdi. Ikki davlatning hamkorligi savdo iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar yo‘nalishlarda har tomonlama samarali bo‘lmoqda. Xususan, bu ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini yanada kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etyapti.
Botir Rajabov
Xalq deputatlari Sho‘rchi tumani Kengashi deputati
