MUROJAAT VA IJRO: FUQARO MUROJAATI HOMIYLAR KO‘MAGIDA IJOBIY HAL ETILDI
2026-11-17 14:35:00 / Yangiliklar

Inson uchun o‘z uyiga ega bo‘lish, uni obod etib, oilasi bilan tinch va osuda yashashdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Ana shu orzu yo‘lida kichik bir ko‘mak ham inson qalbiga katta umid, ko‘ziga quvonch bag‘ishlaydi.
Sho‘rchi tumani hokimi Akbarali Ishmurzoyevning sayyor qabulida Salomat Abdullayeva qurilayotgan uyining tom qismini yopish uchun yog‘och materiallari zarurligini bildirib, amaliy yordam so‘ragan edi.
Fuqaroning murojaati e’tiborsiz qolmadi. Homiylar ko‘magida zarur yog‘och materiallari berilib, murojaat ijobiy hal etildi.
— Qurilayotgan uyimning tom qismini yopib olish uchun yog‘och so‘rab murojaat qilgan edim, — deydi mamnuniyat bilan Salomat Abdullayeva. -Murojaatim ijobiy hal etilganidan juda xursandman. Bizning dardimizga quloq tutib, yordam qo‘lini cho‘zgan barchaga rahmat.
Darhaqiqat, bir insonning muammosi hal bo‘lishi — uning oilasiga quvonch, qalbiga xotirjamlik olib kirishi demakdir.



