BIZNESGA ERKINLIK – IQTISODIYOTGA IMKONIYAT
2026-11-16 16:15:00 / Yangiliklar
Keyingi yillarda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Shu bilan birga qonun talablarini buzgan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash va bunday huquqbuzarlik bartaraf etilganidan keyin tadbirkorlik sub’ektining ish faoliyatini tezda tiklash imkoniyatini cheklaydigan ayrim ortiqcha ma’muriy tartib-taomillar saqlanib qolayotganligidan dalolat berganligi bois, ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish zarurati yuzaga keldi.
Shu munosabat bilan joriy yilning 20 oktabr sanasida O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik sub’ektlari uchun tartibga solish yukini kamaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish tarzidagi huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi arizaga ilova qilinadigan hujjatlar doirasiga taalluqli o‘zgartirishlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga tadbirkorlik sub’ektining banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish yuzasidan chiqarilgan soliq organining qaroriga nisbatan tadbirkorlik sub’ekti tomonidan e’tiroz bildirilgan taqdirda, ushbu huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash masalasi sud tartibida ko‘rib chiqilishini, chiqarilgan qarorni mazkur operatsiyalarni to‘xtatib turish uchun asos bo‘lgan holatlar bartaraf etilgach bekor qilish tartibini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksining 217-moddasiga binoan, qonun qabul qilingunga qadar tadbirkorlik sub’ektlarining banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish (bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno) soliq organlarining elektron arizalari asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudlar tomonidan amalga oshirib kelinayotgan edi.
O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksining 111-moddasiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi natijasida endilikda soliq to‘lovchining bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror soliq organining rahbari (uning o‘rinbosari) tomonidan qabul qilinishi mumkin. Soliq to‘lovchi bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi soliq organining qarori yuzasidan e’tiroz bildirgan taqdirda, soliq to‘lovchining bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror soliq organining e’tiroz taqdim etilgan kundan keyin uch kundan kechiktirmay bergan arizasiga asosan sud tomonidan qabul qilinishi mumkin.
Bunda soliq to‘lovchining bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalari sud tomonidan qaror qabul qilinguniga qadar to‘xtatib turilishi belgilandi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi 219-moddasi birinchi qismining 3-bandi yangi tahrirda bayon etilib, banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi arizaga — soliq to‘lovchi tomonidan bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish uchun asos bo‘ladigan qonun talablari buzilganligini tasdiqlovchi dalil, soliq organi tomonidan soliq to‘lovchiga uning bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatib turilishi to‘g‘risida xabarnoma yuborilganligining dalili, soliq to‘lovchining bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi soliq organining qarori yuzasidan bildirgan e’tirozi ilova qilinishi lozimligi haqidagi talab joriy etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 111-moddasi quyidagi mazmundan iborat yettinchi qism bilan to‘ldirildi. Unga binoan, mazkur moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar soliq to‘lovchi tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, soliq organi soliq to‘lovchining bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorini ushbu Kodeksning 112-moddasiga muvofiq bekor qiladi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, mazkur Qonun banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatib turilgan tadbirkorlik sub’ektlarining o‘z faoliyatini tezda tiklash imkoniyatini cheklaydigan ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etishga va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatining barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Botirjon Abdullaev
Termiz tumanlararo iqtisodiy
sudining sudyasi
