OZOD YODGORLIGIDA TARIX SIRLARI OCHILMOQDA
2026-09-16 13:45:00 / Yangiliklar

Tuproq bag‘rida ming yillar davomida sukut saqlagan tarix... Har bir topilma, har bir qabr va undan chiqqan ashyo ajdodlarimiz hayoti, urf-odatlari va qadimiy an’analari haqida bebaho ma’lumot berishi mumkin. Ayni paytda Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi Ozod yodgorligida ana shunday muhim arxeologik tadqiqotlar olib borilmoqda. Madaniy meros agentligi, Ya. G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti hamda Xitoyning Shimoli-g‘arbiy universiteti Ipak yo‘li arxeologiyasi tadqiqot markazi hamkorligida 2026-yil 15-avgustdan buyon yodgorlikda arxeologik qazuv-tadqiqot ishlari davom etmoqda. Ozod yodgorligi 2023-yilda Surxondaryo havzasining sharqiy qirg‘og‘ida o‘tkazilgan dala-qidiruv tadqiqotlari jarayonida aniqlangan. U Sho‘rchi tumani Ozod mahallasining janubi-sharqida, mashhur Dalvarzintepa yodgorligidan 6 kilometr janubi-sharqda joylashgan. 200x100 metr hajmdagi tepalikda 100 ga yaqin qabrning kuzatilgani esa ushbu hududda qadimda kechgan hayot tarzi va dafn marosimlari haqida keng ko‘lamli ilmiy izlanishlar olib borish uchun katta imkoniyat yaratadi. Tepalikning janubi-g‘arbiy qismida 10 dan ortiq qabr o‘rganilmoqda. Dastlabki tadqiqotlar natijalari qabrlarning tuzilishi va ulardan topilgan ashyolar Sopolli madaniyati yodgorliklariga yaqin ekanini ko‘rsatmoqda. Radiokarbon (¹⁴C) tahlili hamda topilmalarning qiyosiy-tipologik o‘rganilishi yodgorlikni miloddan avvalgi 1700–1500-yillar bilan sanalash imkonini bermoqda. Ozod yodgorligida bronza davriga mansub ko‘p sonli qabrlarning aniqlangani ushbu arxeologik maskanning ilmiy ahamiyatini yanada oshirmoqda. Zero, har bir qabr — bu shunchaki arxeologik obyekt emas. Unda bir davrning hayoti, insonlarning dunyoqarashi, urf-odatlari va dafn marosimlari mujassam. Shu ma’noda, Ozod yodgorligida aniqlanayotgan qabrlar Surxondaryo hududida qadimgi dafn an’analarining shakllanishi va rivojlanish bosqichlarini chuqur o‘rganishda muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Bugun arxeologlar qo‘lidagi har bir belkurak zarbi bilan go‘yo ming yillik sukut pardasi bir chetga surilmoqda. Tuproq ostidan topilayotgan har bir ashyo esa bizni uzoq o‘tmish bilan bog‘lab, ajdodlarimiz tarixining noma’lum sahifalarini qayta jonlantirmoqda. Ozod yodgorligida qazuv-tadqiqot ishlari ayni paytda ham davom etmoqda. Tarix esa o‘z sirlarini birma-bir ochishda davom etmoqda.
Nigina Shoyeva,
Sho‘rchi tumani hokimligi Axborot xizmati rahbari





