Sho‘rchi tumani hokimi Akbarali Ishmurzoyevning tuman aholisiga MUROJAATI
2026-04-28 14:50:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum hurmatli tumandoshlar! Qadrli hamyurtlar!
Bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlar inson qadrini ulug‘lash, xalqimiz turmush farovonligini oshirish, yurt obodligi va davlatimiz nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Chunki korrupsiya — bu jamiyat taraqqiyotiga jiddiy to‘sqinlik qiluvchi, adolat tamoyillarini buzuvchi, xalqning davlatga bo‘lgan ishonchini susaytiruvchi eng xavfli illatlardan biridir.
Korrupsiya nafaqat iqtisodiy rivojlanishga zarar yetkazadi, balki inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga, yoshlar ongida noto‘g‘ri qarashlar shakllanishiga ham sabab bo‘ladi. Bu illatga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas, balki har bir rahbar, har bir xodim va har bir fuqaroning fuqarolik burchidir.
Sho‘rchi tumanida ham bu borada aniq va tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Aholi murojaatlari bilan ishlashda ochiqlikni ta’minlash, davlat xizmatlarini shaffof va adolatli tashkil etish, ijtimoiy sohada tenglik va qonuniylikni ta’minlash, byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish — ustuvor vazifalarimizdan biri hisoblanadi.
Jumladan, mahallalarda olib borilayotgan qurilish ishlari, infratuzilmani yaxshilash, aholini tadbirkorlikka jalb qilish, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi har bir loyihada shaffoflik va adolat tamoyiliga qat’iy amal qilinmoqda. Chunki xalq ishonchi — eng katta boylik.
Biz har bir rahbardan halollik, mas’uliyat va xalq oldida hisobdorlikni talab qilamiz. Hech bir sohada tanish-bilishchilik, manfaatdorlik yoki noqonuniy harakatlarga yo‘l qo‘yilmasligi shart.
Aziz tumandoshlar!
Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazorati ham juda muhim ahamiyatga ega. Agar tumanda hokimlik tizimi, korxona va tashkilotlar xodimlarining korrupsiyaga oid xatti-harakatlariga duch kelsangiz, tuman hokimligining 76 4574009, 764574388 ishonch telefonlari orqali murojaat qilishingizni so‘rayman. Murojaatlar maxfiyligi kafolatlanadi va ular tezkor o‘rganilib, qat’iy choralar ko‘rilishi ta’minlanadi. Sizlar bilan birgalikda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borsak, nafaqat ishimizda unum va baraka, balki vijdonimiz pok, qalbimizda xotirjamlik bo‘ladi!
“Jim turish” — ba’zan korrupsiyaga sherik bo‘lish bilan barobardir. Shuning uchun har birimiz bu illatga nisbatan murosasiz bo‘lishimiz, farzandlarimizga halollik va poklik qadriyatlarini singdirishimiz lozim.
Faqat halol mehnat, adolat va qonuniylik ustuvor bo‘lgan jamiyatdagina haqiqiy taraqqiyot va barqaror rivojlanish ta’minlanadi.
Keling, Sho‘rchi tumanini korrupsiyadan xoli, adolat va halollik ustuvor bo‘lgan hududga aylantirish uchun birgalikda harakat qilaylik!
