Tuman IIB boshlig‘i Nurimbek Narzullayevning mart oyida tuman aholisiga murojaati
2026-04-28 15:45:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli tumandoshlar! Qadrli hamyurtlar!
Bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda tinchlik va osoyishtalik eng oliy ne’matga aylandi. Tumanimiz hududida qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarimizning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish — bizning asosiy burchimizdir. Biroq, jinoyatchilikka qarshi kurashish faqat huquq-tartibot idoralarining emas, balki barchamizning umumiy ishimizdir.
Sizni va yaqinlaringizni xavf-xatardan asrash maqsadida quyidagi muhim yo‘nalishlarga e’tibor qaratishingizni so‘rayman:
Kiberjinoyat va firibgarlikdan ehtiyot bo‘ling!
Zamonaviy texnologiyalar rivoji bilan firibgarlikning yangi usullari ko‘paymoqda. Bank kartangizning maxfiy ma’lumotlarini, xususan SMS-kodlarni hech kimga aytmang! Shubhali ilovalarni yuklab olmang, ijtimoiy tarmoqlardagi “tekin pul”, “oson daromad” yoki “yutuqli o‘yin” kabi va’dalarga ishonmang.
Unutmang: bank xodimlari hech qachon telefon orqali sizning maxfiy kodlaringizni so‘ramaydi.
Narkojinoyatchilik — kelajak kushandasi
Yoshlarimiz orasida sintetik giyohvandlik vositalari hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining tarqalishiga qarshi birgalikda kurashaylik. Farzandlaringizning kimlar bilan do‘stlashayotgani, bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotgani va internetdagi faoliyatiga ham e’tibor qarating.
Shubhali xatti-harakatlar yoki giyohvand moddalar savdosi haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, zudlik bilan bizga xabar bering.
Uyushgan jinoyatchilikka o‘rin yo‘q!
Jamiyatimizda ko‘cha bezoriligi, guruh bo‘lib sodir etiladigan tartibbuzarliklar va zo‘ravonlik holatlariga mutlaqo toqat qilinmaydi. Har qanday g‘ayriqonuniy xatti-harakat uchun jazo muqarrarligi ta’minlanadi.
Jinoyat qurboniga aylanib qolmang!
O‘z mulkingizni — avtomashina, uy-joy, chorva mollari va boshqa qimmatbaho buyumlarni qarovsiz qoldirmang. Ko‘chada va jamoat joylarida hushyorlikni oshiring. Befarqlik — jinoyatning eng katta sherigidir. Atrofingizda yuz berayotgan shubhali holatlarga befarq bo‘lmang.
Hurmatli fuqarolar!
Sizning xavfsizligingiz — bizning oliy maqsadimiz. Agar siz jinoyat guvohi bo‘lsangiz yoki o‘zingizga nisbatan tahdid sezsangiz, zudlik bilan 102 qisqa raqamiga yoki hududiy profilaktika inspektoriga murojaat qiling.
Tinchlik va osoyishtalikni birgalikda asraylik!
