KORRUPSIYA-JAMIYAT KUSHANDASI
2026-04-16 11:10:00 / “Korrupsiyaga qarshi kurash”

Ma’lumki, korrupsiya bir davlat emas, balki butun jahon taraqqiyotiga tahdid soluvchi, iqtisodiy negizlariga putur yetkazuvchi illatdir. Chunki u demokratiya va huquq ustuvorligiga putur yetkazadi, inson huquqlarining buzilishiga olib keladi, iqtisodiyotni izdan chiqaradi, uyushgan jinoyatchilikning keng yoyilishiga sharoit yaratadi.
Olimlarning fikriga ko‘ra u lotincha «corruptio» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, «pora evaziga og‘dirish» degan ma’noni anglatadi Boshqa bir qarashga ko‘ra korrupsiya atamasi lotincha «corrumpere» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, «buzilish, aynish, tanazzul» degan ma’noni bildiradi.
Korrupsiyaga yo‘l ochadigan omillar sirasiga hokimiyat organlari tizimining murakkabligi, buyruqbozlik taomillarining ko‘pligini kiritish mumkin. Taqiqlar, ruxsat berish tartiblarining haddan tashqari ko‘pligi, davlat xizmatchilarining manfaatlari yetarlicha himoya qilinmagani ham korrupsiyaga yo‘l ochadi.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida mustahkam huquqiy asos yaratilgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210-moddasida, pora olish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan o‘zi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy manfaatdor bo‘lishi uchun jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lib, shunday jinoyatlar uchun o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanish mumkin.
Albatta, bu jinoyatlarda pora beruvchilarning ham sezilarli rol o‘ynashi sir emas. Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 211-moddasida pora berish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsiga mazkur mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib bevosita yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish uchun o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanish mumkin.
Fuqarolarning faolligi, ijtimoiy hodisalarga befarq emasligi hamda har bir davlat xizmatchisining o‘z faoliyati jamoatchilik nazoratida ekanini chuqur his etishi, fuqarolarning qonunlarga rioya etishlari korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim shartidir.
T.Abdiraimov
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sho‘rchi tuman sudining raisi
