So‘z — ochiq tanlov g‘olibiga
2026-04-01 16:45:00 / Yangiliklar

Shohnur Daminov: Yuksak ishonch — ulkan mas’uliyat
Bugungi kunda yurtimizda davlat boshqaruvi tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, malakali va tashabbuskor kadrlarni saralab olishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, ochiq tanlovlar orqali munosib nomzodlarni tanlab olish amaliyoti har bir fuqaroga o‘z bilim va salohiyatini namoyon etish imkonini bermoqda.
Men ham ana shunday imkoniyatdan foydalanib, ochiq tanlovda ishtirok etdim. Tanlov jarayonida bilim, tajriba, mas’uliyat va tashabbuskorlik asosiy mezon sifatida baholangani men uchun katta maktab bo‘ldi. Ushbu tanlov yakuniga ko‘ra Sho‘rchi tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i yetakchi mutaxassisi lavozimiga ishga qabul qilinganim men uchun katta sharaf va ayni paytda yuksak mas’uliyatdir.
Albatta, bu kabi ishonch har bir davlat xizmatchisidan fidoyilik, halollik va samarali mehnatni talab etadi. Zimmamga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarish, fuqarolar murojaatlariga e’tiborli bo‘lish, ularning muammolarini o‘rganish va hal etishda mas’uliyat bilan yondashish, jamoa bilan hamjihatlikda ish olib borish faoliyatimning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar har birimizdan doimiy izlanish, o‘z ustida ishlash va yangicha fikrlashni talab etadi. Men ham ushbu ishonchni oqlash, bilim va ko‘nikmalarimni yanada rivojlantirish, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida munosib mehnat qilishga astoydil harakat qilaman.
