Sukunat bag‘ridan kuchli kelajak sari
2026-03-03 10:25:00 / Yangiliklar

Prezidentimizning “Maktabdan kasb va tilni bilib chiqqan bola – jamiyatimizning katta yutug‘i” degan hayotiy g‘oyalari asosida Sho‘rchi tumanidagi 122-kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu dargoh ostonasidan kirgan har bir bola avvalo mehr-e’tibor, tushunish va ishonch muhitini his etmoqda. Sukunat bag‘rida ulg‘aygan bu o‘g‘il-qizlar uchun maktab – oddiy ta’lim dargohi emas, balki imkoniyatlar eshigi, orzular qanot yozadigan maskan hisoblanadi. Bu yerda ularga nafaqat fanlar o‘qitilmoqda, balki hayot saboqlari, mustaqil turmush ko‘nikmalari, eng muhimi, o‘z kuchi va iqtidoriga ishonish tuyg‘usi singdirilmoqda.
Maktab-internatda kasb-hunar o‘rganish jarayonlari izchil va mazmunli yo‘lga qo‘yilgan. Zamonaviy jihozlangan ustaxonalarda tikuvchilik va chevarlik sirlari o‘rgatilmoqda, yog‘ochga ishlov berish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda, oshpazlik yo‘nalishida esa turli taomlar tayyorlash ko‘nikmalari shakllantirilmoqda. Har bir mashg‘ulotda o‘quvchilarning qiziqishi va qobiliyati inobatga olinayotgani ham bor gap. Ular tayyorlagan buyumlar, liboslar va taomlar nafaqat o‘quv jarayoni samarasi, balki mehnatga bo‘lgan hurmat va intilish timsolidir.
Maktab-internat faoliyati inson qadrini ulug‘lash, imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni jamiyatga integratsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar namunasidir.





