Shumanayda mikro loyihalar faoliyati bilan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi
2026-09-04 19:15:00 / Yangiliklar

Bugun, 2026-yil 4-sentabr kuni Shumanay tumanida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida tumandagi hokim yordamchilari tomonidan xalqqa xizmat ko‘rsatish va uy sharoitida ishlab chiqarish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan mikroloyihalar faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Dastlabki manzil - "Aqjap" ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro A.Jaqsimuratovning chorvachilik yo‘nalishidagi mikroloyihasi bo‘ldi. Faoliyatini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-49-sonli qarori asosida fuqaro uchun 98 million so‘m miqdorida 12 foizli kredit mablag‘i ajratilgan. Ushbu mablag‘ hisobidan mo‘g‘ul zotli 28 bosh qo‘y sotib olinib, chorvachilik, xususan, qo‘y boqish va ularning sonini ko‘paytirish faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Loyiha orqali oila daromadini oshirish, chorva mollari bosh sonini ko‘paytirish va kelgusida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan.
Keyingi manzil - "Aybuyir" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro Temirxanov Iqlas tomonidan yo‘lga qo‘yilgan non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sexi bo‘ldi. Press-tur ishtirokchilari mazkur mikroloyiha faoliyati, ishlab chiqarish jarayoni va yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.






