Kontrafakt mahsulotlar nima?
2026-03-30 18:45:00 / Yangiliklar
Barchamiz kundalik ehtiyojlarimiz uchun ma’lum mahsulotlarni xarid qilamiz. Lekin asl mahsulot sotib olish va kontrafakt mahsulotga aldanib qolmaslik uchun nimalarga e’tibor qaratishimiz kerak.
Avvalo kontrafakt o‘zi nima ekanligini tushunib olsak. Kontrafakt mahsulot - bu, xaridorlar ishonchiga kirgan, bozorda o‘z o‘rnini topgan va tez sotiladigan mahsulotlarning tovar belgilaridan, ya’ni brendlaridan noqonuniy foydalangan holda ishlab chiqarilgan ularning qalbaki nusxalari tushuniladi. Kontrafakt mahsulot ishlab chiqaruvchi "Tadbirkor" shaxslarning asosiy maqsadi "Mehnatsiz foyda olish," bu nima degani - ya’ni original brend egasi bu tovarni mashhur darajaga olib chiqquncha qancha-qancha xarajatlar, qancha-qancha mehnatlar qilib reklama qilgan va mahsulotining sifatiga e’tibor qaratgan bo‘lsa, kontrafakt mahsulot ishlab chiqaruvchilar esa hech qanday mehnat qilmasdan uning tayyor brendidan foydalanadi.
Kontrafakt mahsulotlar birinchi navbatda asl mahsulotga nisbatan arzonroq va sifati pastroq bo‘ladi.
Mutaxassislarning fikricha, har qanday tovarni murakkabligiga qarab qalbakilashtirish mumkin. Masalan, spirtli ichimliklarni qalbakilashtirish oson. Chunki mahsulotning asosiy komponenti oddiy spirtdan iborat va shisha idishlarni qadoqlash qiyinchilik tug‘dirmaydi. Keyingi bosqich texnologiya masalasi: shisha idishlar kafe, barlar orqali sotib olinadi va markalanib sotuvga chiqariladi. Bunday mahsulotlarning narxi past, lekin sotuvdan tushadigan foyda yuqori bo‘ladi.
Kontrafakt mahsulotlarning yana bir ko‘p uchraydigan turi - bu avtomobil ehtiyot qismlari savdosi hisoblanadi. Kontrafakt mahsulot hech qanday savdo markasi va qadoqsiz olib kelinishi mumkin. Ushbu mahsulotlar yopiq sexlarda ishlab chiqarilib, sotuvga taklif etiladi. Ammo har qanday kontrafakt mahsulot e’tibor bilan qaralsa originalidan farqlanishi mumkin.
Eng achinarlisi, kontrafakt mahsulotlar dori-darmonlar orasida ham ko‘p uchraydi. Odamlar sog‘lig‘i yo‘qligi sababli davo izlab dori-darmonlarni sotib oladi, kontrafakt dorilar esa sog‘lig‘ingizning yanada yomonlashishiga olib kelishi mumkin.
Shu bois kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashishning eng samarali usuli ularni sotib olmaslikdir. Bozorlarda kontrafakt mahsulotga talab bo‘lmasa, taklif o‘z-o‘zidan to‘xtaydi.
Shumanay tumani adliya bo‘limi
DXM direktori B.Davletmuratov
