Yoshlar va sport: Shumanayda olimpiada musobaqalari boshlandi
2026-03-24 16:30:00 / Yangiliklar

2026-yil 24-mart sanasidan boshlab mamlakatimiz bo‘ylab yosh sportchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan "Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari" va "Prezident Olimpiadasi" sport musobaqalarining yangi mavsumiga tantanali tarzda start berildi. Ushbu musobaqalar yosh avlodni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, iqtidorli sportchilarni saralab olish va kelgusida xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan chempionlarni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida: 2026-yilgi mavsum doirasidagi musobaqalar 13-14 yoshli sportchilar o‘rtasida 21 olimpiada sport turi bo‘yicha an’anaviy tarzda uch bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqich - "Tuman (shahar) hokimi olimpiadasi" mart-aprel oylarida o‘tkazilib, 13 ta sport turi qamrab olinadi. Ikkinchi bosqich - "Hokim olimpiadasi" may-iyun oylariga rejalashtirilgan bo‘lib, unda 19 ta sport turi bo‘yicha eng kuchli ishtirokchilar aniqlanadi. Yakuniy uchinchi bosqich - "Prezident Olimpiadasi"da esa saralash bosqichlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan eng iqtidorli sportchilar 21 sport turi bo‘yicha o‘zaro bellashadi.
Bugun, Shumanay tumanidagi Sport maktabi binosida ushbu musobaqalarning birinchi bosqichi - "Tuman (shahar) hokimi olimpiadasi" musobaqalariga tantanali ravishda start berildi. Ochilish marosimida tuman hokimi A.Ametov, "Nukus kurash mahorat maktabi"ning direktori S.Jusupbekov, tuman Sport maktabining direktori R.Reymov, tuman Yoshlar ishlari bo‘limining boshlig‘i F.Xodjabaev, "Nuroniy jamg‘armasi" tuman bo‘limining boshlig‘i D. Nietullaev, nuroniylar va yosh sportchilar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar, bunday sport musobaqalari yoshlarni jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol etib tarbiyalashda muhim o‘rin tutishini, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishini alohida ta’kidladi. Shuningdek, kelgusida mamlakatimiz sharafini xalqaro arenalarda munosib himoya qiladigan iqtidorli sportchilarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Tantanali ochilish marosimidan so‘ng sportning basketbol (3x3) turi bo‘yicha o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida dastlabki bellashuvlar boshlandi.









