ALIMENT TO‘LASH TARTIBI
2026-02-22 10:00:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksida ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart deb ko‘rsatilgan.
Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota yoki onadan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi.
Voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash to‘g‘risida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan biri aliment undirish to‘g‘risida sudga da’vo yoki ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari, shu jumladan o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola voyaga yetmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqlidir.
Ota-ona va bola alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shu jumladan o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola bir vaqtning o‘zida ota va onadan voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqli.
Voyaga yetmagan bolalariga aliment to‘lash va ularni ta’minlashda ota-onaning majburiyatlari tengdir.
Agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish to‘g‘risida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi yoki boshqa daromadining bir bola uchun - to‘rtdan bir qismi; ikki bola uchun - uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun - yarmi miqdorida undiriladi. Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.
Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.
Shumanay tumani adliya bo‘limi
FHDYO bo‘limi 1-darajali inspektori: P.Ibraimova
