Korrupsiya — jamiyat taraqqiyotiga to‘siq
2026-02-09 10:00:00 / Yangiliklar

Korrupsiya har qanday jamiyat taraqqiyoti va barqarorligiga jiddiy xavf soluvchi illat hisoblanadi. U davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi muhim sohalarda adolat tamoyillarini buzib, ishonch muhitini yemiradi. Korrupsiyaning eng katta zarari — iqtisodiy rivojlanishga to‘sqinlik qilishi bilan bog‘liq. Mablag‘lar o‘z manziliga yetib bormaydi, investitsiya muhiti yomonlashadi, raqobat tamoyillari buziladi. Natijada yangi ish o‘rinlari yaratilishi sekinlashib, aholi farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shuningdek, korrupsiya ijtimoiy adolatsizlikni kuchaytiradi. Halol mehnat va bilim emas, balki tanish-bilish va pora ustuvor bo‘lib qoladi. Bu esa yoshlarning kelajakka bo‘lgan ishonchini susaytirib, jamiyatda loqaydlik va befarqlik kayfiyatini kuchaytiradi.
Korrupsiya davlat xizmatlari sifatining pasayishiga ham olib keladi. Ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalarda xizmatlar sifati yomonlashib, aholining asosiy ehtiyojlari to‘liq qondirilmaydi. Bu holat fuqarolarning hayot sifati va ijtimoiy barqarorlikka bevosita ta’sir qiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurash — jamiyatning har bir a’zosi uchun muhim vazifadir. Qonunlarga rioya qilish, halollik va mas’uliyat tamoyillarini hayotga tatbiq etish orqali ushbu illatga qarshi birgalikda kurashish mumkin. Faqat shundagina adolatli, ochiq va taraqqiy etgan jamiyatni barpo etish mumkin bo‘ladi.
