Zamonaviy ta’lim va ota-ona mas’uliyati: farzand kelajagini birgalikda quramiz
2025-12-03 09:00:00 / Yangiliklar

2025 -yil 2-dekabr kuni Shumanay tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosida ushbu maktabning yuqori sinf o‘quvchilarining ota-onalari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda, Shumanay tumani hokimining o‘rinbosari A.Bekmuratov, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari A.Turimbetov, maktab direktori Z.Allaniyazova, psixologlar va tegishli soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida yuqori sinf o‘quvchilarining ta’lim sifati, yoshlar bilan ishlashda samarali yondashuvlar, xavfsizlik masalalari, dars jarayonlarining o‘tishi va ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Bunda, eng avvalo, "Maktab, mahalla, oila" hamkorlikda ishlash konsepsiyasi doirasida ota-onalarning mas’uliyati, o‘quvchilarning tartib-intizomi, maktabning ichki tartib qoidalari, maktab formalariga rioya qilish, darslarga o‘z vaqtida kechikmasdan kelish masalalari bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi. Uchrashuv yakunida ota-ona, o‘quvchi va maktab hamkorligini kuchaytirish, farzandlar uchun yanada qulay va sifatli ta’lim muhitini yaratishga qaratilgan qo‘shimcha vazifalar belgilab olindi.








