“Kamronbek 1982” MCHJ – avtomobil aksessuarlarini ishlab chiqarishda salohiyatli loyiha
2025-07-26 13:40:00 / Yangiliklar

Kompaniya asosan avtomobillar uchun poliklar va salon chexollari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, 500 million so‘mlik yillik aylanma, barqaror maosh va mahalliy resurslardan samarali foydalanish bilan ajralib turadi. Har bir ishchiga haftasiga 800 ming so‘mgacha maosh to‘lanmoqda.
Yaqinda korxona tomonidan 1,5 milliard so‘m miqdorida imtiyozli bank krediti jalb qilinib, ishlab chiqarish maydoni kengaytirildi, zamonaviy jihozlar va xomashyo olib kelindi. Bu esa ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulot turini kengaytirish va bozordagi talabga tezkor javob berish imkonini yaratdi.
Ayniqsa, ayollar bandligini ta'minlash borasidagi tashabbuslar e’tiborga molik: korxona yaqin kunlarda 10 nafar xotin-qizni ishga qabul qilishni rejalashtirmoqda.
Tadbirkorlik faoliyati yaqinda tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Bahodir Salomov va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Nazir Bekov tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi. Faoliyat, moliyaviy mablag‘lardan foydalanish holati va bandlik masalalari tahlil qilinib, qo‘llab-quvvatlash choralari belgilab olindi.




