Chandir hududidagi dehqon bozori: zamonaviy savdo maydoniga aylanish yo‘lida
2025-07-26 13:10:00 / Yangiliklar

Ushbu bozor 2023-yil boshidan boshlab tadbirkor Safarov Muzaffar tashabbusi bilan obod etilib, savdo-sotiq faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Hozirgi kunda bozor "Bobirshox Mirolim" MChJ tomonidan boshqarilib, tumanimizdagi eng faol va jips bozor maydonlaridan biri sifatida faoliyat yuritmoqda.
Bozorda 60 nafarga yaqin dehqon viloyatning turli hududlaridan kelib, arzonlashtirilgan mahsulotlarni aholiga taqdim etmoqda. 20 ga yaqin tadbirkor esa doimiy savdo faoliyatini yuritmoqda. Shu bilan birga, MChJ tomonidan 10 nafar xodim doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan.
Tadbirkorlar bozor faoliyatini yanada kengaytirish, xizmatlar ko‘lamini oshirish maqsadida dehqon bozorlari uchun ajratilayotgan imtiyozli kreditlardan foydalanish orqali yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yishga kirishgan.
Yaqinda tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Bahodir Salomov hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Nazir Bekov boshchiligida Chandir mahalla fuqarolar yig‘inida joyiga chiqqan holda bozor faoliyati o‘rganildi.
O‘rganish davomida bozorda mavjud muammolar, xususan tadbirkorlarning yerda o‘tirib savdo qilish holati, qulay sharoitlarning yetishmasligi, sanitariya-gigiyena talablari bo‘yicha kamchiliklar aniqlanib, ularga amaliy yechim topish yuzasidan muhim vazifalar belgilandi.
Tuman rahbariyati tomonidan bozor hududida zamonaviy pavilonlar barpo etish, infratuzilmani yaxshilash, tadbirkorlarga qulay va xavfsiz sharoitlar yaratish bo‘yicha bozor ma’muriyatiga aniq topshiriqlar berildi. Bu esa nafaqat savdo madaniyatini oshirish, balki aholining ijtimoiy farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Chandir hududidagi ushbu dehqon bozori bugun o‘zini oqlayotgan va istiqbolda yanada zamonaviy savdo maskaniga aylanish salohiyatiga ega maydonlardandir. Davlat rahbariyati tomonidan ilgari surilayotgan mahalla va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash siyosati asosida olib borilayotgan bunday tashabbuslar, albatta, yurtimiz iqtisodiyoti va fuqarolar farovonligi yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.



