Shofirkon tumani hokimi Alisher Fayzilloyevning hokimlik jamoasi va tashkilot rahbarlariga murojaati
2025-06-25 09:15:00 / Yangiliklar

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 5-mart kuni bo‘lib o‘tgan Milliy Kengash yig‘ilishida korrupsiyani jamiyat tanasidagi “saraton” kasalligiga qiyoslab, quyidagi fikrlarni bildirgan edilar:
“Korrupsiyaning oldini olish — davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlash, ularni ‘halollik vaksinasi’ bilan emlashdan boshlanadi.”
“Davlat boshqaruvida korrupsiya — bu xalq ishonchining yemirilishidir. Bunday holatlarga biz aslo yo‘l qo‘ya olmaymiz!”
Bu so‘zlar har birimiz uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lishi kerak.
Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Biroq ayrim sohalarda korrupsiya holatlari uchrab turgani, olib borilayotgan islohotlarning samaradorligiga jiddiy putur yetkazmoqda.
Shuni unutmasligimiz zarur: “Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi.” Sodir etilgan har qanday korrupsiyaviy jinoyat, albatta, fosh etiladi va qonuniy bahosini oladi. Sizlarni ogohlantirib aytmoqchiman: jinoyat uchun jazo muqarrar. Har bir davlat xizmatchisi bu haqiqatni yuragiga yaqin olishi shart.
Davlat xizmatchisi — bu oddiy lavozim emas, balki xalq ishonchining timsoli, davlat nomidan harakat qiluvchi shaxsdir. Shu bois, davlat xizmatchisi bo‘lish — ulkan sharaf bilan birga yuksak mas’uliyatni ham talab qiladi.
Mazkur fikrlar 2022-yil 8-avgustda qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunning 15- va 16-moddalarida ham o‘z ifodasini topgan. Ushbu moddalarda davlat xizmatchisidan halollik, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va fidoyilik talab etiladi.
Shuningdek, xalqimizga bergan har bir va’damiz, amalga oshirayotgan har bir islohotimiz — poklik, halollik va mas’uliyat asosida bo‘lishi kerak. Zero, “xalqning ishonchini yo‘qotgan rahbarning lavozimi bo‘sh qoladi” — bu Prezidentimizning qat’iy pozitsiyasidir.
Keling, har birimiz o‘z faoliyatimizni xolisona tahlil qilaylik. Shaxsiy manfaatlarni emas, xalq manfaatini ustuvor qo‘yaylik. O‘z vazifamizni sidqidildan, halol va vijdonan bajarishga bel bog‘laylik. Yurtimizning ertangi kuni, farzandlarimizga qoldiradigan jamiyat sifati — bugun biz qanday rahbar bo‘lishimizga bog‘liq.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Taraqqiyot strategiyasi”, Milliy Kengash yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar hamda mahalliy hokimliklar oldiga qo‘yilgan topshiriqlarni og‘ishmay bajarish — barchamizning muqaddas burchimizdir.
Men sizlarni birgalikda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borishga chaqiraman!
Hurmat bilan,
Alisher Fayzilloyev
Shofirkon tumani hokimi
