RASMIY MUNOSABAT
2026-11-14 00:30:00 / Yangiliklar

Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Shofirkon tumanida hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, xususan, tuman markazidagi asosiy ko‘chalar yo‘l bo‘ylarini hamda Xo‘ja Orif ar-Revgariy ziyoratgohi hududini yanada chiroyli va ko‘rkam holatga keltirish, ziyoratchilar va tuman aholisi uchun yanada qulay hamda xush kayfiyat bag‘ishlovchi muhit yaratish maqsadida turli xil manzarali gullar olib kelingan.
Mazkur ishlarni muvofiqlashtirish va tashkil etish mas’uliyati tuman hokimi o‘rinbosari Ruxiddin G‘afurov hamda tuman hokimi yordamchisiga yuklatilgan.
Gullarni ekish jarayonida ayrim gullar Shofirkon tuman Obodonlashtirish boshqarmasi xodimi tomonidan tuman markazidagi kotedjlar atrofiga ekilgan. Mazkur gullar esa belgilangan rejaga muvofiq, avvalo, Xo‘ja Orif ar-Revgariy ziyoratgohi hamda tuman markazidagi asosiy ko‘chalar bo‘ylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish uchun ajratilgan edi.
Shu sababli tuman hokimi yordamchisi tomonidan gullarning belgilangan hududlarga, xususan, ziyoratgoh hududiga ekilishi lozimligi tushuntirilgan. Mazkur jarayonda tomonlar o‘rtasida yuzaga kelgan tushunmovchilik natijasida holat videotasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilgan.
Ta’kidlash joizki, mazkur holatda xodimlarga nisbatan bosim o‘tkazish yoki ularning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish maqsadi bo‘lmagan. Voqea, asosan, ishlarni tashkil etish va gullarni belgilangan hududlarga joylashtirish masalasidagi o‘zaro tushunmovchilik natijasida kelib chiqqan.
Hozirda mazkur tushunmovchilikka barham berildi. Tomonlar o‘rtasida tegishli tushuntirish ishlari olib borildi. Har ikki tomon ham yuzaga kelgan vaziyatdan afsusda ekanini bildirdi hamda kelgusida bunday holatlarning takrorlanmasligi yuzasidan tegishli tartibda ogohlantirildi.
Shofirkon tuman hokimligi barcha obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari belgilangan tartib asosida, o‘zaro hurmat va hamjihatlik tamoyillari asosida olib borilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan har qanday holat yuzasidan xulosa chiqarishda voqeaning to‘liq mazmuni va barcha tomonlarning fikrini inobatga olish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidlaymiz.
Shofirkon tuman hokimligi aholi va jamoatchilik bilan ochiq muloqotga tayyor hamda hududda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va farovon muhit yaratish borasidagi ishlarni izchil davom ettiradi.
