Shofirkon tumanida tibbiyot muassasalari yangilanmoqda
2026-10-13 13:30:00 / Yangiliklar

Ayni paytda tumandagi bir nechta tibbiyot obyektlarida qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Jumladan:
Guliston mahallasidagi 44-son oilaviy poliklinikaning Sho‘rabod filiali;
Jo‘yrabod mahallasidagi 50-son oilaviy poliklinikaning Jo‘yrabod filiali;
Qayrag‘och mahallasidagi 49-son oilaviy poliklinikaning Qayrag‘och filiali;
Qayrag‘och mahallasidagi 49-son oilaviy poliklinikaning Amir Temur filiali;
Qal’a mahallasidagi Talisanobod oilaviy shifokor punkti;
Kotiyon mahallasidagi Talija oilaviy shifokor punktining Kelachi filiali.
Mazkur obyektlarni rekonstruksiya qilish orqali tibbiyot muassasalarining infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy talablarga javob beradigan sharoitlarni yaratish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish maqsad qilingan.
Shofirkon tumani Guliston mahallasi hududida joylashgan 44-son oilaviy poliklinikaning Sho‘rabod filialida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari alohida ahamiyatga ega.
Avvalgi bino uzoq yillar foydalanish natijasida ta’mirtalab, yaroqsiz holatga kelib qolgan edi. Shu sababli tibbiy xizmatlar hududdagi shifokor xonadonida tashkil etilgan bo‘lib, bu holat aholiga qulaylik yaratish borasida muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirgan.
Endilikda eski bino o‘rnida zamonaviy talablarga javob beradigan, zarur shart-sharoitlarga ega yangi oilaviy poliklinika binosi barpo etilmoqda. Yangi binoning foydalanishga topshirilishi mahalla aholisi uchun tibbiy xizmatlardan yanada qulay foydalanish imkonini yaratadi.
Shofirkon tumani hokimi Mo‘min Amonov mazkur qurilish obyektida bo‘lib, olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
O‘rganish davomida qurilish ishlarining borishi, sifat talablari va belgilangan vazifalar ijrosiga e’tibor qaratildi. Shuningdek, tibbiyot muassasalarini zamonaviy talablarga mos ravishda barpo etish, aholi uchun qulay sharoitlar yaratish hamda qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash masalalari muhimligi ta’kidlandi.
Shubhasiz, ushbu bunyodkorlik ishlari natijasida Shofirkon tumanida birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi yanada takomillashib, aholining sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari kengayadi.
Inson salomatligi va aholi farovonligi yo‘lidagi bunday ezgu ishlar hududlar infratuzilmasini rivojlantirish hamda xalqimiz uchun munosib yashash sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi.









