Shofirkon tumanida maktabgacha ta’lim muassasasi zamonaviy qiyofa kasb etmoqda
2026-10-13 12:40:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-oktabrdagi “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-298-sonli qarori hamda 2026-yil 5-fevraldagi “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-49-sonli qarorlari ijrosi doirasida hududlarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur dasturlar asosida tumandagi ijtimoiy soha obyektlari, jumladan, umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda sog‘liqni saqlash muassasalarini qurish, ta’mirlash va rekonstruksiya qilish uchun qariyb 38 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Ayni paytda Shofirkon tumanining Guliston mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 21-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotini energiya samaradorligi tamoyillari asosida modernizatsiya qilish va rekonstruksiya etish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu maqsadlar uchun 3 milliard 100 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
1975-yilda qurilgan mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti yillar davomida foydalanish natijasida ta’mirtalab holatga kelib qolgan edi. Endilikda muassasani yangilash, uning moddiy-texnik holatini yaxshilash va bolajonlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda ushbu dargohda 160 nafar bola tarbiyalanmoqda. Muassasaning zamonaviy qiyofa kasb etishi, ta’lim-tarbiya uchun munosib muhit yaratilishi, eng avvalo, farzandlarining kelajagiga befarq bo‘lmagan mahalla aholisini quvontirmoqda.
Zero, maktabgacha ta’lim tashkilotlarini yangilash nafaqat binolarni ta’mirlash, balki yosh avlodning sog‘lom, bilimli va barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun zarur sharoitlarni yaratish demakdir.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan bunday bunyodkorlik ishlari inson qadri, aholi farovonligi va kelajak avlod kamolotiga qaratilgan islohotlarning amaliy ifodasidir.






