CHURUQ OVULI — ASRLAR QA’RIDAN KELAJAK SARI
2026-08-19 01:25:00 / Yangiliklar

Churuq ovulining tarixini o‘rganar ekanmiz, avvalo uning geografik joylashuvi va qadimiy savdo yo‘llariga yaqinligiga e’tibor qaratish lozim.
Mahalliy tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro amirligi davrida, xususan, Amir Olimxon hukmronligi yillarida Churuq hududi muhim strategik va savdo yo‘llaridan birida joylashgan.
Hozirgi Zarafshon va Tomdi hududlari, shuningdek, Qozog‘iston tomondan Buxoro amirligi tomon yo‘l olgan savdo karvonlari ushbu hudud orqali harakatlangan. Karvonlar Qozog‘iston hududidan "Qozoq-asuv" deb ataluvchi tog‘lar orasidagi yirik dovon orqali Buxoro tomonga yo‘l olgan.
Ana shu yo‘nalish Churuq hududining iqtisodiy va strategik ahamiyatini yanada oshirgan. Uzoq masofalarni bosib o‘tgan savdogarlar, chorvadorlar va karvon ahli uchun bu hudud muhim bekatlardan biri vazifasini bajargan.
Qishloqqa kirish qismidagi ikki yirik tepalik va tog‘lar oralig‘idagi tabiiy darvoza karvonlar harakatini nazorat qilish uchun qulay imkoniyat yaratgan. Mazkur hududda yirik karvonsaroy mavjud bo‘lgani haqida mahalliy tarixiy ma’lumotlar saqlanib qolgan.
Karvonsaroyda uzoq yo‘ldan kelgan savdogarlar va karvonlar vaqtincha to‘xtagan, savdo mollarini saqlagan va yo‘lni davom ettirish uchun zarur sharoitlardan foydalangan.
Shuningdek, olib kirilayotgan va olib chiqilayotgan tovarlarni nazorat qilish, ruxsat etilgan hamda taqiqlangan mahsulotlarni saralash ishlari amalga oshirilgan. Bu maskan o‘sha davrning bojxona vazifasini bajargan.
Tartibni buzgan yoki belgilangan qoidalarga rioya qilmagan shaxslarni vaqtincha saqlash uchun tepaliklarda maxsus zindonlar bo‘lganligi haqida ham mahalliy rivoyat va tarixiy ma’lumotlar mavjud.
Karvonlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida hududda qorovulxonalar tashkil etilgan. Toshdan baland qilib qurilgan bunday inshootlarda olov yoqish orqali bir-biriga signal berilgan. Shu tariqa uzoq masofadagi qorovulxonalar o‘rtasida tezkor aloqa tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Bu ma’lumotlarning o‘ziyoq Churuq hududi tarixning muayyan davrlarida oddiy manzilgoh emas, balki savdo yo‘llari, xavfsizlik va iqtisodiy aloqalar tizimida muhim o‘rin tutganini ko‘rsatadi.
Churuq ovulining yuz yillik tarixi, avvalo, shu zaminda yashab kelgan insonlar taqdiri bilan bog‘liq.
Bir asr davomida bu hududda farzandlar dunyoga keldi, avlodlar voyaga yetdi, yangi oilalar qurildi. Odamlar og‘ir mehnat, mashaqqat va sinovlarga qaramay, o‘z yurtini obod qilishga intildilar.
Churuq ahli uchun bu zamin nafaqat yashash makoni, balki ajdodlar xotirasi, oilaviy qadriyatlar, mehnat va birdamlik maktabi bo‘lib kelgan.
Ovulning rivojlanishida chorvachilik, ayniqsa, qo‘ychilik, qorako‘lchilik, tuya va ot boqish muhim o‘rin egallagan. Tabiiy sharoit aholining turmush tarzini belgilagan bo‘lsa-da, churuqliklar o‘z mehnati, sabr-toqati va tabiatga moslashgan hayot tarzi bilan bu hududni obod etib kelgan.
Har qanday hududning taraqqiyoti, avvalo, uning ta’lim tizimi bilan belgilanadi. Churuq ovulida ham ta’lim maskanlarining tashkil etilishi ijtimoiy hayotdagi eng muhim voqealardan biri bo‘lgan.
1953-yilda qishloqda ilk maktab tashkil etildi. Dastlab maxsus maktab binosi bo‘lmagan bo‘lsa-da, ta’lim mashg‘ulotlari aholi xonadonlarida tashkil etilib, bolalarga saboq berila boshlandi.
Ilk o‘qituvchilardan biri Sharofat Moldaxmetov bo‘lib, ularning fidokorona mehnati Churuqdagi ta’lim tarixining dastlabki sahifalarini yaratdi.
1958-yilda maktab to‘rt yillik boshlang‘ich maktab maqomiga ega bo‘lgan. Shu davrda tatar millatiga mansub Shamsiya Majidova maktab direktori sifatida faoliyat yuritib, ta’lim maskanining shakllanishi va rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi.
1976-yilda esa qishloqda karkasli, cho'pkori tipidagi maktab binosi qurib bitkazildi.
Shu tariqa Churuqda ta’lim tizimi bosqichma-bosqich rivojlanib, yosh avlodga bilim berish, ularni hayotga tayyorlash va jamiyat uchun munosib kadrlar yetishtirishga xizmat qildi.
Mustaqillik yillarida Churuqda ta’lim sohasiga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaydi.
2016-yilda Sulaymanov Maman Muslimovich tashabbusi bilan eski maktab o‘rnida yangi maktab binosi qurildi. Bu voqea qishloq yoshlarining zamonaviy sharoitlarda ta’lim olishi uchun muhim qadam bo‘ldi.
2024-yilda esa Churuqda 90 o‘rinli zamonaviy maktab binosi qayta qurilib, foydalanishga topshirildi.
Yangi maktabning bunyod etilishi — faqatgina yangi bino qad rostlagani emas. Bu, avvalo, Churuq farzandlarining kelajagiga qaratilgan e’tibor, bilimli va ma’rifatli avlodni voyaga yetkazish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Bugungi kunda maktab Churuq yoshlarining bilim olishi, o‘z iste’dodini namoyon etishi va katta orzular sari intilishi uchun muhim maskan bo‘lib xizmat qilmoqda.
Churuqning iqtisodiy hayotida chorvachilik qadimdan muhim o‘rin egallab kelgan.
1974-yilda hududda "G‘alaba" sovxozi tashkil etilib, unga Sardor Niyozov direktor etib tayinlangan.
Sovxozning tashkil etilishi hududda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi, chorvachilik va aholi bandligini rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi.
Churuq aholisining asosiy mashg‘ulotlari bugungi kunda ham chorvachilik bilan bog‘liq. Qo‘ychilik, qorako‘lchilik, tuya va ot boqish kabi an’anaviy kasb-hunarlar avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda.
Bu kasblar shunchaki tirikchilik manbai emas, balki Churuq xalqining tarixiy hayot tarzi, tajribasi va mehnat madaniyatining bir qismidir.
Churuqning tabiiy sharoitida eng muhim masalalardan biri aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘lgan.
Aholining suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida turli davrlarda quduqlar qazilib, nasoslar yordamida suv chiqarilgan.
Bu ishlar qishloq aholisining kundalik hayotini yengillashtirish bilan birga, hududni obodonlashtirish va doimiy yashash uchun qulay sharoit yaratishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Mustaqillik yillarida Churuq ovulida obodonlashtirish, infratuzilmani yaxshilash va aholi uchun qulay sharoit yaratish borasida qator ishlar amalga oshirildi.
2021-yilda qishloqqa kirish qismida maxsus arka o‘rnatilib, unga:
"Xush kelibsiz, Churuq ovuliga!"
degan yozuv joylashtirildi.
Bu oddiy yozuv bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo u churuqliklar uchun o‘ziga xos ramziy ma’noga ega. Zero, ushbu arka ovulga kirib kelayotgan har bir insonni tarixga, mehr-oqibatga va mehnatga boy maskan qarshi olayotganini ifodalaydi.
Shu davrda qishloq ko‘chalarining to‘liq asfaltlashtirilishi ham aholi hayotida muhim qulaylik yaratdi. Yo‘l infratuzilmasining yaxshilanishi transport qatnovi, aholi harakati va hududning umumiy obodligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Qishloqda tibbiyot punkti tashkil etilib, aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Shuningdek, turli ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy va jamoat tadbirlarini o‘tkazish uchun ham zarur sharoitlar shakllantirildi.
(Tarixiy ma'lumotlar ovuldagi 39-maktab direktori Sulaymonov Maman Muslimovich bilan tayyorlandi)







