Matonat, mehr va mehnat uyg'unligi: Teshayevlar oilasi – ibrat maktabi
2026-07-01 16:25:00 / Yangiliklar

Umriya opa turmush o'rtog'i Teshayev Madiyorning bir necha yil avval vafot etishi ortidan og'ir hayot sinoviga duch keldi. Ammo u taqdirning bu zarbasiga taslim bo'lmadi. Aksincha, o'zining butun kuch-g'ayratini ikki nafar farzandining munosib kelajagi hamda qaynotasi va qaynonasiga xizmat qilishdek sharafli burchiga bag'ishladi. Bugun besh nafar a'zodan iborat ushbu oilaning tayanchi, farzandlari va keksalarning suyanchi aynan Umriya opa bo'lib kelmoqda.
Bu oilaning yana bir e'tiborga molik jihati shundaki, oilada mehr-oqibat, o'zaro hurmat va birdamlik eng oliy qadriyat sifatida qaraladi. Ayniqsa, qaynonasi Teshayeva Zubayda va qaynotasi Teshayev Qo'zi kelinlarini hech qachon yolg'iz qoldirmadilar. Ular Umriya opaga kelin emas, o'z qizidek mehr ko'rsatib, uning va nevaralarining kelajagini o'z zimmasidagi mas'uliyat deb bildilar.
Keksalarning oqilona maslahati, ma'naviy va amaliy ko'magi tufayli oila bugun o'zining mustahkam iqtisodiy poydevorini yaratishga muvaffaq bo'ldi.
Yusupovalar oilasi mehnatni eng katta boylik deb biladi. Ular o'z tomorqasidan unumli foydalanib, 20 sotix yer maydonida dehqonchilik bilan shug'ullanmoqda. Joriy mavsumda tomorqadan 1,5 tonna kartoshka hamda qariyb 650 kilogramm sarimsoq piyoz yetishtirildi. Hozirda karam va pomidor hosili yig'im-terimga tayyor.
Bundan tashqari, tomorqadagi o'nga yaqin anjir daraxtlari ham mo'l hosil berib, oila daromadiga munosib hissa qo'shmoqda.
Umriya opaning ta'kidlashicha, tomorqadan yiliga o'rtacha 20–25 million so'm daromad olinadi. Yetishtirilgan mahsulotlar avvalo oilaning oziq-ovqat ehtiyojini ta'minlaydi, ortiqcha qismi esa oila tomonidan tashkil etilgan savdo do'konida sotiladi. Bu esa oilaning daromadini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Oilaning daromad manbalari buning o'zi bilan cheklanmaydi. Xonadonda 3 bosh yirik shoxli chorva mollari hamda 10 ga yaqin mayda shoxli mollar parvarish qilinmoqda. Chorvachilik ham oila farovonligini ta'minlayotgan muhim yo'nalishlardan biri hisoblanadi.
Umriya opa mahallaning mohir chevarlaridan biri sifatida ham alohida e'tirofga loyiq. U kelin-kuyovlar uchun sarpo kiyimlari, erkaklar va ayollar choponlarini buyurtma asosida tikib, xaridorlarga yetkazib bermoqda. Uning mehnatsevarligi va kasbiga bo'lgan mehrini davlat ham munosib qo'llab-quvvatladi. Umriya Yusupova "Ayollar daftari"ga kiritilib, subsidiya asosida zamonaviy tikuv mashinasi bilan ta'minlandi. Bugungi kunda u tikuvchilik faoliyati orqali oyiga 2 million so'mga yaqin daromad topmoqda.
Shunday qilib, oilaning asosiy daromad manbalari — tomorqachilik, savdo do'koni, chorvachilik va tikuvchilik bir-birini to'ldirib, ularning iqtisodiy barqarorligini ta'minlab kelmoqda. Eng muhimi, bu daromadlar halol mehnat, o'zaro hamjihatlik va tinimsiz izlanish mahsulidir.
Yusupovalar oilasi bugun nafaqat o'z ro'zg'orini obod qilayotgan, balki mahalladagi ko'plab oilalarga ham o'rnak bo'layotgan xonadonlardan biridir. Bu oilada kelin va qaynota-qaynonaning o'zaro hurmatga asoslangan munosabati, mehnatsevarlik, sabr-toqat va birdamlik har bir inson uchun chinakam ibrat maktabidir.
Umriya opa o'zining matonati, fidoyiligi va mehnatsevarligi bilan zamonaviy o'zbek ayolining yorqin timsoli bo'lsa, Teshayeva Zubayda va Teshayev Qo'zi kabi oqila ota-onalar esa oilani mehr bilan asrash, kelinni qizidek qadrlash va farzandlarining ortidan qolgan oilani qo'llab-quvvatlashning eng go'zal namunasini namoyon etmoqda.
Bunday oilalar yurtimizda oilaviy qadriyatlar, mehr-oqibat va halol mehnatning naqadar ulug' ekanini amalda isbotlab, jamiyatimizning mustahkam tayanchiga aylanmoqda. Yusupovalar oilasi — matonat, mehr, hamjihatlik va halol mehnat tufayli har qanday qiyinchilikni yengish mumkinligini o'z hayoti bilan namoyon etayotgan chinakam ibratli oiladir.









