Shofirkonda 2 milliard 466 million so‘m mablag‘ evaziga qariyb 19,8 kilometr piyodalar yo‘lagi barpo etilmoqda
2026-06-18 20:50:00 / Yangiliklar

Jumladan, Islom taraqqiyot banki guruhi ishtirokidagi “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi (PQ–5246-son qaror, 1-faza) doirasida tumanning Mirzoqul, Xorkash, Do‘rmon, Bobur, Tezguzar, Bobohaydar hamda Pashmon mahalla fuqarolar yig‘inlarida umumiy qiymati 1 milliard 154 million so‘m bo‘lgan loyiha asosida qariyb 15 kilometr piyodalar yo‘laklari barpo etilishi belgilangan.
Shuningdek, Buxoro viloyatida “Og‘ir mahallalarni rivojlantirish” dasturi doirasidagi loyihalarni zarur infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha manzilli dastur asosida Boboota mahalla fuqarolar yig‘inida 800 metr uzunlikdagi piyodalar yo‘lagi qurilishi uchun 160 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Bundan tashqari, Shofirkon tumanini “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” tamoyillari asosida rivojlantirishga qaratilgan manzilli dastur doirasida tumandagi aholi gavjum hududlarda umumiy qiymati 1 milliard 152 million so‘m bo‘lgan loyiha asosida 4 kilometr piyodalar yo‘laklari qurilmoqda.
Ayni kunlarda Xorkash mahalla fuqarolar yig‘inida ham qurilish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Mazkur hududda 783 million so‘m mablag‘ evaziga qariyb 2 kilometr zamonaviy piyodalar yo‘lagi barpo etilmoqda. Ushbu loyiha mahalla aholisining xavfsiz harakatlanishini ta’minlash, ayniqsa, bolalar, yoshlar va keksalar uchun yanada qulay sharoit yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda amalga oshirilayotgan bunday bunyodkorlik ishlari davlatimizning inson manfaatlarini ulug‘lash, aholi turmush sifatini yaxshilash va mahallalarni obod maskanlarga aylantirish borasidagi ezgu maqsadlarining amaliy ifodasidir. Mahallalarda yaratilayotgan zamonaviy infratuzilma obyektlari fuqarolarning kundalik hayotiga qulaylik olib kirib, hududlarning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Shubhasiz, bu kabi loyihalar aholi farovonligini oshirish va mahallalarni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.




