Rasmiy munosabat
2026-06-17 10:40:00 / Yangiliklar

O‘rganish jarayonida holatga doir tibbiy hujjatlar, mutaxassislar xulosalari hamda tegishli ma’lumotlar atroflicha tahlil qilindi.
O‘rganish xulosalariga ko‘ra, Shofirkon tumani “Gʻulomte” mahalla fuqarolar yig‘ini, Gʻulomte qishlog‘ida yashovchi fuqaro I. I.ning chaqalog‘i vafoti bilan bog‘liq holatda psixotrop dori vositalari yetishmovchiligi sabab bo‘lganligi haqidagi vajlar o‘z tasdig‘ini topmadi.
Tibbiy xulosaga muvofiq, chaqaloq og‘ir ahvolda operatsiya yo‘li bilan dunyoga kelgan bo‘lib, ko‘rsatilgan tezkor va reanimasion tibbiy yordam choralariga qaramasdan, uning hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmagan.
Hozirgi kunda tug‘ruq majmuasida amaldagi me’yorlar asosida psixotrop va narkotik dori vositalari yetarli miqdorda mavjud ekanligi aniqlandi.
Mazkur turdagi dori vositalari qat’iy tibbiy ko‘rsatmalar asosida, faqat tegishli mutaxassis shifokorlar tomonidan bemorning holatiga qarab tayinlanadi va belgilangan tartibda qo‘llaniladi. Shu bois, ushbu dori vositalarining mavjud emasligi yoki ularning yetishmovchiligi chaqaloq o‘limiga sabab bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Mazkur holat yuzasidan qo‘shimcha huquqiy baho berish maqsadida hududiy huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan bo‘lib, ayni paytda o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.
Qo‘shimcha ma’lumotlar o‘rganish yakunlariga ko‘ra belgilangan tartibda taqdim etiladi.
