RASMIY MUNOSABAT
2026-06-07 17:05:00 / Yangiliklar

Videoda aks etgan ko‘prik Shofirkon tumanining “Yangiqishloq” mahallasi hududidan o‘tuvchi umumiy foydalanishdagi mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan 80V023 “Yangiqishloq qishlog‘i – Iskogari qishlog‘i – Chuqurak qishlog‘i – Talisafet qishlog‘i” avtomobil yo‘lining 5,6-kilometr qismida joylashgan.
Mazkur avtomobil yo‘li va undagi ko‘priklarga Shofirkon tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi tomonidan xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.
Hudud aholisi orasida “Qo‘sh ko‘prik” nomi bilan tanilgan ushbu nuqtada bir-biriga parallel joylashgan ikkita ko‘prik mavjud bo‘lib, ular 1982-yilda qurilgan.
Videolavhada ko‘rsatilgan ko‘prik uch oraliqli bo‘lib, uzunligi 24 metrni tashkil etadi. Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan texnik ko‘riklar natijasida og‘ir vaznli transport vositalari harakati ta’sirida ko‘prik choklari ochilgani, oraliq qurilmalarda yoriq va sinishlar yuzaga kelgani, shuningdek tayanch hamda qoziq qismlarida yemirilish va korroziya jarayonlari kuzatilgani aniqlangan.
Shu sababli fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida mazkur ko‘prik orqali transport vositalari harakati vaqtinchalik cheklangan.
Hozirgi kunda transport vositalarining harakati yonma-yon joylashgan ikkinchi ko‘prik orqali tashkil etilgan. Ushbu ko‘prikning texnik holati qoniqarli bo‘lib, yuk transport vositalarining o‘qiga tushuvchi 7 tonnagacha bo‘lgan yuklamani ko‘tarish imkoniyatiga ega. Natijada fuqarolar va transport vositalarining harakati uzluksiz hamda xavfsiz tarzda davom ettirilmoqda.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 9-dekabrdagi 773-son qaroriga muvofiq, 80V023 avtomobil yo‘lining 5,6-kilometr qismida joylashgan mazkur ko‘prikni rekonstruksiya qilish ishlari belgilangan. Hozirda ushbu loyiha bo‘yicha tegishli tashkiliy va texnik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shofirkon tuman hokimligi fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ma’lumotlarga munosabat bildirishda faqat rasmiy manbalarga tayanishni so‘raydi.
Shofirkon tuman hokimligi Axborot xizmati
