PQ–5246-son qaror ijrosi: Tezguzar mahallasida ta’lim obyektlari yangi o‘quv yiliga tayyorlanmoqda
2026-06-07 16:05:00 / Yangiliklar

Mazkur loyihaning birinchi bosqichi doirasida tumanning tanlab olingan mahallalarida ta’lim, sog‘liqni saqlash va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash maqsadida jami 164 milliard 723 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Ajratilgan mablag‘lar hisobidan yangi umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qurish, tibbiyot muassasalarini barpo etish, mahalla ma’muriy binolarini qurish, ichimlik suvi tarmoqlari hamda suv inshootlarini yaratish, ichki yo‘llarni asfaltlashtirish, elektr ta’minotini yaxshilash, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, ariqlarni betonlashtirish kabi muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida ayniqsa Tezguzar mahallasida ta’lim sohasini rivojlantirish va yoshlar uchun munosib sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda mahalladagi 20-son maktabgacha ta’lim tashkiloti filialida rekonstruksiya ishlari yakuniy bosqichga kirgan. Ushbu obyekt uchun 3 milliard 168 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, loyiha yakunlangach muassasa 90 o‘rinli quvvatga ega zamonaviy maktabgacha ta’lim maskani sifatida faoliyat yuritadi.
Ayni paytda binoda ichki va tashqi pardozlash ishlari olib borilmoqda. Qurilish ishlari yakunlangach, bolajonlar uchun zamonaviy guruh xonalari, o‘yin va tarbiya maydonlari, qulay ovqatlanish hamda dam olish sharoitlari yaratiladi. Bu esa mahalladagi maktabgacha ta’lim qamrovini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Tezguzar mahallasida amalga oshirilayotgan yana bir yirik loyiha 6-son umumta’lim maktabi bilan bog‘liq. Mazkur ta’lim muassasasining mavjud 480 o‘rinli binosini mukammal ta’mirlash hamda qo‘shimcha 180 o‘rinli yangi o‘quv bloki qurish ishlari uchun 5 milliard 720 million so‘m mablag‘ sarflanmoqda.
Bugungi kunda ushbu ta’lim maskanida ham qurilish ishlari deyarli yakunlanib, pardozlash bosqichi davom etmoqda. Yangi o‘quv bloki foydalanishga topshirilgach, maktabning qabul qilish quvvati sezilarli darajada ortadi, o‘quvchilar uchun yanada qulay va zamonaviy ta’lim muhiti yaratiladi. Shuningdek, sinf xonalari, yo‘laklar va yordamchi binolar zamonaviy talablarga mos ravishda jihozlanadi.
Muhimi, mazkur loyihalar nafaqat yangi binolar qurish yoki mavjudlarini ta’mirlashga, balki yosh avlod uchun sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanishi, zamonaviy o‘quv muhiti yaratilishi hamda qo‘shimcha o‘rinlarning tashkil etilishi natijasida o‘quvchi va tarbiyalanuvchilar uchun yanada qulay sharoitlar yuzaga keladi.
Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, Tezguzar mahallasidagi mazkur obyektlarda olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari belgilangan jadval asosida davom etmoqda. Rejaga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tashkiloti filiali hamda 6-son umumta’lim maktabidagi bunyodkorlik ishlari yangi o‘quv yili boshlanishiga qadar yakunlanib, foydalanishga topshiriladi.
Bugun Shofirkon tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari qishloq hududlarining qiyofasini tubdan o‘zgartirish, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash va eng muhimi, farzandlarimizning zamonaviy bilim olishi uchun mustahkam zamin yaratishga xizmat qilmoqda. Tezguzar mahallasida qad rostlayotgan ushbu ta’lim maskanlari esa kelajak avlod kamoloti yo‘lida muhim qadam bo‘lib, mahalla ahlining uzoq yillik orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.






