300-son qaror asosida Shofirkonda energiya samaradorligi loyihalariga qariyb 50 mlrd so‘m yo‘naltirilgan
2026-06-07 15:05:00 / Yangiliklar

Mazkur dastur doirasida Shofirkon tumanida ta’lim, maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarining infratuzilmasini yaxshilash, ularni zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilish hamda energiya tejamkor tizimlar bilan jihozlash uchun qariyb 50 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan.
Dastur doirasida umumiy qiymati 35 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ hisobidan tumandagi bir qator umumta’lim maktablarida rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Jumladan, X. Orif mahallasidagi 1-sonli umumta’lim maktabi, Do‘rmen mahallasidagi 27-sonli umumta’lim maktabi, Talisangobod mahallasidagi 32-sonli umumta’lim maktabi hamda Xorin mahallasidagi 48-sonli umumta’lim maktabi zamonaviy ko‘rinishga keltiriladi.
Ta’lim muassasalarida amalga oshiriladigan qurilish-ta’mirlash ishlari natijasida o‘quv xonalari, laboratoriyalar, sport zallari va yordamchi binolar yangilanib, o‘quvchilar uchun yanada qulay va xavfsiz ta’lim muhiti yaratiladi. Eng muhimi, ushbu loyihalar orqali energiya tejamkor texnologiyalar joriy etilib, binolarning issiqlik samaradorligi sezilarli darajada oshiriladi.
Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish ham dasturning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarini rekonstruksiya qilish uchun 11 milliard 100 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Mazkur mablag‘lar hisobidan “Sultonobod” mahallasidagi 18-sonli, “Shodlik” mahallasidagi 19-sonli hamda “Nurafshon” mahallasidagi 30-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlarida rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi.
Ushbu loyihalar natijasida bolajonlar uchun zamonaviy, qulay va xavfsiz tarbiya muhiti yaratiladi. Guruh xonalari, oshxonalar, yotoqxona va o‘yin maydonchalari yangilanib, energiya tejamkor uskunalar bilan jihozlanadi. Natijada 270 nafardan ortiq bolalar zamonaviy sharoitlarda tarbiyalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy xizmat sifatini yaxshilash ham dasturdan o‘rin olgan. Bu maqsadlar uchun 4 milliard 400 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, Jo‘sho‘ra mahallasidagi 43-sonli oilaviy shifokorlik punkti hamda Alisher Navoiy mahallasidagi oilaviy shifokorlik punktida ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi.
Mazkur tibbiyot muassasalarining yangilanishi natijasida aholi uchun yaratilgan sharoitlar yaxshilanib, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va qamrovi oshadi. Shuningdek, zamonaviy diagnostika va xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarining kengayishi natijasida fuqarolarning tibbiy muassasalarga murojaat qilish ko‘rsatkichlari ham ortishi kutilmoqda.
Dastur doirasida amalga oshiriladigan barcha loyihalar yakuniga yetkazilgach, 2376 nafar o‘quvchi zamonaviy va shinam ta’lim muassasalarida bilim olishi, 270 nafar bolajon yangilangan bog‘chalarda tarbiyalanishi hamda minglab fuqarolar yanada sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bugungi o‘rganishlar davomida tuman rahbariyati tomonidan X. Orif mahallasida joylashgan 1-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib, amalga oshirilishi rejalashtirilgan qurilish-ta’mirlash ishlari bilan tanishildi. Ayni paytda mazkur ta’lim muassasasida 1176 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Maktabni rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari uchun jami 16 milliard 112 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, loyiha yakunida muassasaning moddiy-texnik bazasi tubdan yangilanadi.
Ta’kidlash joizki, ushbu loyihalar nafaqat mavjud infratuzilmani yaxshilash, balki energiya resurslaridan samarali foydalanish, budjet mablag‘larini tejash va ijtimoiy soha obyektlarining uzoq muddatli barqaror faoliyatini ta’minlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari inson manfaatlarini ta’minlash, yosh avlod uchun munosib ta’lim va tarbiya sharoitlarini yaratish hamda aholining hayot sifatini yanada yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.



