Mehnat ortidan kelayotgan baraka: Kamolovlar xonadoni tajribasi
2026-05-22 16:15:00 / Yangiliklar

Xonadonning 2,5 sotix maydonida davlat subsidiyasi asosida zamonaviy issiqxona tashkil etilgan bo‘lib, unda 700 tup hosildor pomidor ko‘chatlari parvarish qilinmoqda.
Oila vakillarining aytishicha, bugungi kungacha issiqxona uchun qariyb 7 million so‘m xarajat qilingan. Ayni paytda ko‘chatlar yaxshi rivojlanib, mavsum yakuniga qadar 1,5 tonnaga yaqin hosil olish rejalashtirilgan.
Bu esa oilaning daromadini oshirish bilan birga, mahalliy bozorlarda sifatli va tabiiy mahsulotlar yetkazib berilishiga ham xizmat qilmoqda.
Kamolovlar oilasi 5 yildan buyon pillachilik bilan shug‘ullanib keladi. Joriy mavsumda ular 2 quti ipak qurti parvarishlab, 160 kilogramm pilla topshirish bo‘yicha shartnoma imzolagan.
Bugungi kunga qadar 120 kilogramm pilla topshirilgan bo‘lib, oila bundan-da yuqori natijani maqsad qilgan. Xonadon egalari mavsum yakuniga qadar 250 kilogrammdan ortiq pilla topshirishni rejalashtirmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, pillachilikning o‘zidan qariyb 15 million so‘m sof daromad olish ko‘zda tutilgan.
Ayni kunlarda xonadonda pilla terimi qizg‘in davom etmoqda. Eng e’tiborlisi, hasharda qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘lar birgalikda faol ishtirok etmoqda. Bu esa xalqimizga xos mehr-oqibat, hamjihatlik va birdamlik fazilatlarini yana bir bor namoyon etmoqda.
Xonadonda qo‘shimcha daromad manbalaridan yana biri asalarichilik hisoblanadi. Hozirda oilada 20 ta asalari uyasi mavjud bo‘lib, mavsum davomida 800 kilogrammgacha asal olinadi.
Yetishtirilgan tabiiy asal mahalliy bozorlarga chiqarilib, har kilogrammi 80 ming so‘mdan sotilmoqda. Mazkur faoliyat orqali yiliga qariyb 60 million so‘m daromad olinmoqda.
Asalarichilik nafaqat daromad manbai, balki tabiat bilan uyg‘un mehnat, sabr va mas’uliyat talab qiladigan sermahsul sohalardan biri ekani ta’kidlandi.
Kamolovlar xonadonida kichik inkubatoriya ham tashkil etilgan bo‘lib, unda har mavsumda 500 donadan ortiq qora shahzoda va boshqa turdagi jo‘jalar chiqariladi.
Parvarishlangan jo‘jalar aholiga yetkazib berilib, har biri o‘rtacha 40 ming so‘mdan sotilmoqda. Bu esa oilaning qo‘shimcha daromad topishiga xizmat qilmoqda.
Xonadon bekasi Muhayyo Rahimovaning ta’kidlashicha, oilaning bugungi farovonligi ortida tinimsiz mehnat, sabr va harakat mujassam.
— Mehnat qilsak, albatta barakasini ko‘rar ekanmiz. Shu mehnatlarimiz ortidan farzandlarimizni voyaga yetkazyapmiz, to‘ylar qildik, orzu-havaslarimizni ko‘ryapmiz, — deydi u mamnuniyat bilan.
Mazkur xonadonda ayni kunlarda davom etayotgan keng ko‘lamli hasharda Shofirkon tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Maqsuda Tilavova ham ishtirok etib, xonadon egalari tomonidan yo‘lga qo‘yilgan tadbirkorlik faoliyatlari bilan yaqindan tanishdi.
O‘rganish davomida tomorqadan unumli foydalanish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va xonadon daromadini oshirish borasidagi tajribalar alohida e’tirof etildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda tomorqadan samarali foydalanayotgan, bir necha yo‘nalishda mehnat qilib daromad topayotgan bunday oilalar nafaqat o‘z ro‘zg‘orini obod qilmoqda, balki mahalla iqtisodiyoti va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Shofirkon tumani hokimligi axborot xizmati









