Shofirkonda ta’lim infratuzilmasi kengaymoqda: yirik loyihalar amalda
2026-04-26 13:30:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha asosida maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, bolalar qamrovini oshirish maqsadida qo‘shimcha 590 o‘rin yaratish rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun jami 19 milliard 356 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Shuningdek, umumta’lim maktablari quvvatini oshirish, zamonaviy sport zallari barpo etish, qo‘shimcha o‘quv binolari qurish hamda mavjudlarini rekonstruksiya qilish uchun esa 37.4 mlrd so'mdagi mablag‘lar ajratilgan. Umuman olganda, ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida mazkur dastur doirasida loyihalar qiymati qariyb 60 milliard so‘mni tashkil etadi.
Maktabgacha ta’lim yo‘nalishida bir qator muhim obyektlar qurilmoqda va rekonstruksiya qilinmoqda. Jumladan, Bobohaydar MFYdagi 18-sonli maktab hududida 90 o‘rinli yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti barpo etilmoqda. Shuningdek, Paxtaobod MFYdagi 26-sonli maktab hududida ham xuddi shunday quvvatga ega yangi bog‘cha qurilmoqda. Mirzoqul MFYdagi 9-sonli, Bobur MFYdagi 44-sonli hamda Tezguzar MFYdagi 20-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlari rekonstruksiya qilinmoqda. Pashmon MFYdagi 10-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida esa mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu loyihalarning har biri hududlarda bolalar uchun yanada qulay va zamonaviy muhit yaratishga xizmat qiladi.
Umumta’lim maktablari bo‘yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Mirzoqul MFYdagi 28-sonli maktab, Do‘rmon MFYdagi 3-sonli maktab hamda Bobur MFYdagi 25-sonli maktablarda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Xorakash MFYdagi 42-sonli maktabda esa rekonstruksiya ishlari doirasida qo‘shimcha o‘quv binosi va zamonaviy sport zali qurilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Bobur MFYdagi 53-sonli, Tezguzar MFYdagi 6-sonli hamda Bobohaydar MFYdagi 18-sonli maktablarda ham rekonstruksiya va kengaytirish ishlari jadal davom etmoqda. Paxtaobod MFYdagi 26-sonli maktabda esa qo‘shimcha o‘quv binosi qurilishi orqali o‘quvchilar sig‘imi sezilarli darajada oshiriladi.
Alohida ta’kidlash joizki, mazkur bunyodkorlik ishlari yurtimiz mustaqilligining 35 yilligiga munosib tuhfa bo‘lib, hududda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Qurilish jarayonlarini yaqindan o‘rganish, ishlar sifatini nazorat qilish maqsadida tuman hokimi Mo‘min Amonov qurilish olib borilayotgan manzillarda bo‘lib, pudratchi tashkilotlar rahbarlari bilan bevosita muloqot qildi. Uchrashuvlarda qurilish sifatini oshirish, belgilangan muddatlarda ishlarni yakunlash hamda mavjud muammolarni joyida hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shubhasiz, amalga oshirilayotgan ushbu keng ko‘lamli ishlar Shofirkon tumanida ta’lim tizimini tubdan yaxshilash, yoshlarning bilim olish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.








