RASMIY MUNOSABAT
2026-04-20 22:20:00 / Yangiliklar

Mazkur holat yuzasidan mas’ul tashkilotlar tomonidan atroflicha o‘rganish ishlari olib borildi va bir qator masalalarga aniqlik kiritildi.
Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartib va me’yoriy hujjatlar asosida xonalar qayta ko‘rib chiqilgan. O‘rganishlar davomida nizom talablariga mos kelmaydigan ayrim jihozlar — televizor, ofis stoli, divan, kreslo, suv sovutgich (kuller) hamda muzlatgich bemorlar ehtiyoji uchun ichki imkoniyatlar hisobidan boshqa joyga ko‘chirilayotgani aniqlangan. Videolavhada aks etgan holat aynan ushbu jarayon bilan bog‘liq ekani ma’lum bo‘ldi.
Hozirgi kunda Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘iga asosan ortiqcha jihozlar bemorlar foydalanishi hamda kutish zallarini jihozlash maqsadida qayta taqsimlanmoqda.
Shuningdek, o‘rganish davomida yana bir muhim holat aniqlangan. Jumladan, tibbiyot birlashmasining yuqori qavatiga olib chiquvchi lift faqat Tug’ruq bo’limining tor doiradagi xodimlar nazoratida bo‘lib, undan foydalanish cheklangani ma’lum bo‘lgan. Mazkur kamchilik tibbiyot birlashmasi rahbari Aziz Nosirov tomonidan bartaraf etilib, lift barcha xodimlar va bemorlar uchun teng va ochiq foydalanishga topshirildi.
Ayni paytda tibbiy xizmat sifatini oshirish, muassasada shaffoflikni ta’minlash hamda xodimlar o‘rtasida sog‘lom ish muhitini shakllantirish maqsadida videokuzatuv moslamalarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur masala yuzasidan tegishli choralar ko‘rilgan bo‘lib, holat to‘liq nazoratga olingan.
Shofirkon tumani hokimligi
Axborot xizmati
