Hududda sanoat korxonalari faoliyati o‘rganilib, ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi
2026-04-20 22:15:00 / Yangiliklar

Shu maqsadda tuman hokimi tomonidan “GOLDEN FABRIC TEXTILE” MChJda o‘rganish ishlari olib borildi.
Mazkur korxona ip-kalavadan mato (bo‘z) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, Zarafshon MFY hududida joylashgan. Korxona rahbari Sultonov Ulug‘bek Farxodovich boshqaruvida faoliyat yuritib kelmoqda.
O‘rganish jarayonida korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari, mavjud infratuzilmasi hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlari atroflicha tahlil qilindi. Korxona 1,9 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, yiliga 6 million pogona metr mato ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ishlab chiqarish hajmi qiymat jihatidan 60 milliard so‘mni tashkil etadi. Bugungi kunda korxonada 55 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda.
2026-yilning yanvar-mart oylarida korxona tomonidan 2,2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Shu bilan birga, omborda 210 ming pogona metr tayyor mahsulot qoldig‘i mavjudligi qayd etildi.
Tuman hokimi tomonidan korxona rahbariyati bilan o‘tkazilgan suhbatda mavjud muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi. Xususan, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni realizatsiya qilishda qiyinchiliklar mavjudligi, tayyor mahsulotlarning sotilmay qolayotgani asosiy muammo sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqarilgan mahsulotlar namunalarini respublika va xalqaro darajadagi ko‘rgazmalarda namoyish etish, shuningdek, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan takliflar ilgari surildi. Bu borada tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar natijasida qo‘shimcha 2,1 milliard so‘mlik ishlab chiqarish hajmiga erishish, 5 ta yangi ish o‘rni yaratish hamda byudjetga 80 million so‘m miqdorida soliq tushumlarini ta’minlash rejalashtirilgan.
Mazkur o‘rganish ishlari hududda sanoat ishlab chiqarishini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish hamda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash borasida muhim ahamiyat kasb etadi.









