Bir xonadondan bir nechta daromad manbai
2026-04-10 00:50:00 / Yangiliklar

Tadbirkorning birinchi yo‘nalishi — qo‘ziqorin yetishtirishdir. U xonadonining bir xonasida “vishinka” navli qo‘ziqorin yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Mazkur loyiha uchun atigi 1,5 million so‘m mablag‘ sarflangan bo‘lsa, birinchi hosil yig‘imida qariyb 3,5 million so‘mlik mahsulot sotilgan. Ayni paytda ikkinchi hosildan 250 kilogrammga yaqin qo‘ziqorin olish rejalashtirilmoqda. Mahsulotlar bozorga chiqarilganda xaridorlar talabining yuqoriligi sababli sotishda hech qanday qiyinchilik kuzatilmayapti. Qo‘ziqorinlar 35 ming so‘mdan sotilmoqda.
Ikkinchi yo‘nalishda esa Sherali aka nonvoyxona faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Bu yerda non va patir mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Kuniga o‘rtacha 200 dona patir yopilib, har biri 18 ming so‘mdan sotilmoqda. Ushbu yo‘nalish tadbirkorga kunlik qariyb 400 ming so‘m daromad keltirmoqda.
Yana bir yangi boshlangan yo‘nalish — issiqxonachilikdir. Xonadonidagi 1 sotix yer maydonida issiqxona tashkil etilib, unda pomidorning “Alamina” navidan 250 tup ko‘chat ekilgan. Hozirda ushbu yo‘nalishda ham samarali natijalarga erishish ustida ish olib borilmoqda.
Davlatimiz tomonidan Soliyev Sherali xonadoniga issiqxonachilik va chorvachilik yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun 150 million so‘mlik imtiyozli kredit ajratilgan. Ushbu mablag‘lar hisobidan 5 bosh yirik shoxli va 10 bosh mayda shoxli chorva mollari xarid qilinib, tadbirkorlik faoliyati yanada kengaytirilgan.
Kelgusida esa tadbirkor qulupnay yetishtirish hamda qoplarda kartoshka yetishtirishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Uning ta’kidlashicha, mehnat qilgan inson hech qachon kam bo‘lmaydi.
Darhaqiqat, Soliyev Sheralining mehnatsevarligi, izlanishi va tashabbuskorligi bugungi kunda ko‘plab oilalar uchun ibrat bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu kabi fidoyi insonlar yurtimizda tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.









