Mehnat va hunar uyg‘unligi: kashtachilik orqali yaratilayotgan imkoniyatlar
2026-04-08 15:15:00 / Yangiliklar

Eng e’tiborlisi, bugungi kunda Shahnoza opa atrofida 100 nafarga yaqin shogird va ishchilar jamlangan. Ular tomonidan tayyorlangan mahsulotlarning 100 dan ortiq turi xonadonda savdoga tayyor holda mavjud. Ishchilarga esa oylik maosh ularning tayyorlagan mahsulotiga qarab to‘lanadi, bu esa har bir hunarmandni yanada samarali ishlashga undaydi.
Bu yerda faoliyat yuritayotganlardan biri – Norjona Ochilova o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashar ekan, kashtachilik nafaqat hunar, balki qo‘shimcha daromad manbai ekanini ta’kidlaydi. U yaqinda uy-ro‘zg‘or yumushlaridan ortib, atigi 10 kun ichida tayyorlagan mahsulotini 1 million 300 ming so‘mga sotganini mamnuniyat bilan aytadi. Shuningdek, uning qizlari ham ushbu hunarni egallab, biri davlat ishida ishlashiga qaramay, bo‘sh vaqtlarida kashta tikib, oyiga 1,5 million so‘mgacha qo‘shimcha daromad topmoqda.
Shahnoza opa o‘z mehnati ortidan farzandlarini voyaga yetkazib, ularga ta’lim berib kelmoqda. Kelgusida esa farzandlari uchun to‘ylar qilish niyatida ekanini samimiy ifodalaydi.
Ushbu ustaxonada tayyorlanayotgan barcha mahsulotlar to‘liq qo‘l mehnati asosida yaratiladi. Ayniqsa, ularga beriladigan ranglar tabiiy usullar orqali olinadi. Ipak qurti iplaridan tayyorlangan kalavalar piyoz, anor va yong‘oq po‘stloqlari qaynatilib, o‘ziga xos ranglarda bo‘yaladi. Bu esa mahsulotlarga nafaqat go‘zallik, balki tabiiylik va qadimiy an’analar ruhini ham bag‘ishlaydi.








