Rasmiy munosabat
2026-03-28 03:20:00 / Yangiliklar

Mazkur videomurojaat aslida joriy yilning 16-mart kuniga to‘g‘ri kelib, unda Shofirkon tumani Mahalla uyushmasi rahbari Nasillo Tolibov tomonidan mahalla faollariga murojaat yo‘llangan. Unda mahalla yettiligi a’zolarining soat 19:30 da masofadan turib, onlayn videoaloqa orqali ishtirok etishlari yuzasidan e’lon berilgan.
Mazkur muloqot Ramazon hayiti oldidan hududlarda obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish, kam ta’minlangan oilalarga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazish, masjidlarda jamoat tartibini ta’minlash, nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan xabar olish, shuningdek jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasi kabi kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb masalalarni muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlaymizki, ushbu jarayon doirasida mahalla yettiligi a’zolari tuman hokimligi binosiga chaqirtirilmagan, balki ular o‘z yashash joylaridan turib onlayn tarzda ishtirok etishgan.
Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lganini inobatga olib, kelgusida bunday tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida tegishli tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, mahalla va unda yashovchi fuqarolarning muammolarini hal etish, ularning farovonligini ta’minlash yo‘lida barcha mas’ullar zimmasiga katta mas’uliyat yuklatilganini alohida qayd etamiz. Bu kabi holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shofirkon tumani hokimligi Axborot xizmati
