Shofirkon tumani: Hashar — birlik va ezgulik ramzi: Shofirkonda umumxalq xayriya hashari ko‘tarinki ruhda o‘tdi
2026-03-14 21:45:00 / Yangiliklar

Hashar davomida tumandagi 49 ta mahallada aholi vakillari uyushqoqlik bilan qatnashib, atrof-muhitni obodonlashtirish, ko‘cha va ariqlarni tozalash, daraxt ekish hamda jamoat maskanlarini tartibga keltirish ishlarini amalga oshirdilar. Mazkur xayrli tadbirlarda 10 ming 359 nafar fuqaro, shundan 4 ming 850 nafar yoshlar faol ishtirok etdi.
Obodonlashtirish ishlari natijasida 107 gektar maydon tartibga keltirildi, 63 kilometr ariq va lotoklar tozalandi. Hududlardan 73 tonnaga yaqin qurilish chiqindilari chiqarilib, 7 ming 129 tup daraxt ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, ishlarni samarali tashkil etish maqsadida 94 dona texnika vositalari jalb etildi.
Hashar yordamida qazilgan va betonlashtirilgan ariqlar hisobiga 584 ta xonadonning sug‘orish tizimi yaxshilanib, aholining tomorqa va bog‘-rog‘laridan samarali foydalanishiga qulay sharoit yaratildi.
Hashar davomida ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 45 ta qabriston, 7 ta ziyoratgoh, 139 ta ko‘cha tartibga keltirildi. Bundan tashqari, 44 ta bolalar maydonchalari ta’mirlanib, obodonlashtirildi.
Ezgu ishlar nafaqat obodonlashtirish bilan cheklanib qolmadi. Mahallalarda mehr-oqibat va insonparvarlik an’analari ham davom ettirildi. Jumladan, mahallalarda xastalik va betoblik sababli uyida yotgan 60 nafardan ortiq fuqarolar xonadonlariga imom-xatiblar boshchiligida noiblar tashrif buyurib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari ulashildi hamda holidan xabar olindi.
Shuningdek, qarovsiz qolgan nuroniylarimizning xonadonlarida ham hashar uyushtirilib, 5 ta xonadon tozalanib, ularning kundalik yumushlariga ko‘maklashildi, mehr va e’tibor ko‘rsatildi. Bu kabi xayrli ishlar hashar kunlarining insonparvarlik ruhini yanada yorqin namoyon etdi.
Xususan, Navbahor mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari ham aholi tomonidan katta ko‘tarinkilik bilan olib borildi. Ko‘chalar tozalandi, ariqlar tartibga keltirildi, hududlar obodonlashtirilib, mahalla yanada fayzli va shinam maskanga aylandi.
Bunday ezgu tashabbuslar xalqimizning hamjihatligi, birdamligi va yurt ravnaqi yo‘lida birlashib harakat qilishini yana bir bor namoyon etadi. Zero, obod mahalla — obod yurt poydevoridir.










